Erondan cho‘chigan AQSH bombardimonchi samolyotlarini Britaniyadan ko‘chirmoqda – CNN
Olam
−
14:18 700 2 daqiqa
AQSH Eron hujumlari xavfi sababli B-1 turidagi barcha strategik bombardimonchi samolyotlarini Buyuk Britaniyaning Ferford bazasidan olib chiqib ketmoqda. Bu haqda AQSH rasmiylariga tayanib, CNN xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Amerika hukumati Britaniyadagi aviabazaga qarshi Eronga aloqador deb taxmin qilingan noma’lum xavf tufayli uzoq masofaga mo‘ljallangan bombardimonchi samolyotlarini AQSHdagi doimiy bazalariga qaytarib olib o‘tgan.
“Biz hozirda Qirollik Havo kuchlarining Ferford bazasida joylashtirilgan barcha Amerika bombardimonchi samolyotlari Qo‘shma Shtatlardagi o‘z bazalariga qaytarilganini tasdiqlashimiz mumkin”, degan amerikalik mulozimlardan biri.
Bu haqda Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi izoh berishdan bosh tortgan.
Joriy yilning 27 sentyabr kuni Glostershir grafligidagi Uelford qishlog‘i hududida, Ferford aviabazasi yaqinida besh kishi hibsga olingan. Politsiya ushbu erkaklar portlashga tayyorgarlik ko‘rishda gumonlanib qo‘lga olinganini ma’lum qilgan. Hibsga olinganlarning barchasi Buyuk Britaniya fuqarolari bo‘lib, Londonda doimiy istiqomat qilib kelgan. Keyinchalik politsiya ularning avtomobillarida portlovchi moddalar topilmaganini tasdiqlagan. Erkaklar joriy yilning 28 sentyabr kuni garov evaziga qo‘yib yuborilgan.
O‘z navbatida, Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Ferford bazasida portlash sodir etish bo‘yicha taxmin qilingan fitnada Tehronning aloqasi yo‘qligini bildirgan.
AQSH Qurolli kuchlarining Eronga qarshi harbiy operatsiyasi davomida Ferford aviabazasiga yigirmadan ortiq B-1 Lancer va B-52 Stratofortress strategik bombardimonchi samolyotlari joylashtirilgan bo‘lib, ular Eronning eng muhim nishonlariga zarbalar bergan edi. O‘shanda Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Angliyadagi Ferford aviabazasini Eronning javob choralari uchun “qonuniy nishon” deb e’lon qilgandi.
CNN milliy xavfsizlik bo‘yicha tahlilchisi Aleks Plitsasning aytishicha, Ferfordda bir necha o‘nlab bombardimonchi samolyotlar joylashgan bo‘lishi mumkin va barcha samolyotlarni boshqa joyga ko‘chirish g‘ayrioddiy holat ekanini qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Amerika Qo‘shma Shtatlari va ittifoqchi mamlakatlar 30 sentyabr kuni Iroqda 12 yillik “O‘zgarmas qat’iyat” (Operation Inherent Resolve) operatsiyasi yakunlanganini e’lon qilib, o‘z qo‘shinlarini mamlakatdan olib chiqib ketgan edi.
Live
Barchasi