Erdo‘g‘an Ramazondan oldin Suriyaga boradi – OAV

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ramazon oyi boshlanishidan oldin Suriyaga tashrif buyurishi mumkin. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Türkiye” gazetasi xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, Erdo‘g‘anni qo‘shni mamlakatga tashrif buyurishga Suriya o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Shara (Abu Muhammad al-Jo‘loniy) taklif qiladi. Bu taklif bugun, 4 fevral kuni Anqarada bo‘lib o‘tadigan muzokaralar chog‘ida bildirilishi kutilmoqda.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Erdo‘g‘an va ash-Shara uchrashuvida asosan Suriyani tiklash va terrorizmga qarshi kurash masalalari muhokama qilinadi. Muzokaralar va ikki davlat hukumatlarining qo‘shma yig‘ilishi natijasida iqtisodiyot, transport, aloqa, qishloq xo‘jaligi hamda harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha muhim kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.

Shu tariqa Turkiya Ahmad ash-Shara Suriyaning o‘tish davri prezidenti sifatida tashrif buyuradigan ikkinchi davlat bo‘ladi. Erdo‘g‘an ham Suriyada hokimiyat almashgandan keyin Damashqqa borgan ikkinchi davlat rahbari bo‘lishi kutilmoqda. O‘tgan oyda Qatar Amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy Damashqqa borgandi.

Ahmad ash-Sharaning birinchi xorijiy tashrifi esa Saudiya Arabistoniga bo‘lgan va uning doirasida Ar-Riyodda podshohlik valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashgandi. Shuningdek, Ahmad ash-Shara Saudiya Arabistoniga tashrifi davomida Makka shahrida Umra ziyoratini amalga oshirdi. Suriya yangi yetakchisiga o‘tish davri hukumatida tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Asad Hasan al-Shiboniy hamrohlik qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya va Suriya o‘zaro mudofaa bo‘yicha bitim imzolashga tayyorgarlik ko‘rayotgani xabar qilingandi. Ushbu bitib doirasida Turkiya Suriyada ikkita harbiy baza qurib, u yerga F-16 qiruvchi samolyotlarini joylashtirishi mumkin. Shuningdek, agar Damashq kutilmagan xavfga duch kelsa, Turkiya uni qo‘llab-quvvatlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an Ahmad ash-Sharo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing