Erdo‘g‘an Makron bilan Ukraina va G‘azodagi masalalarni muhokama qildi
Olam
−
21 avgust 2025 2285 2 daqiqa
Bugun, 21 avgust kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Fransiya rahbari Emmanuel Makron telefon orqali muloqoqt qildi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, suhbat Fransiya tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan. Unda mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar keng muhokama qilingan. Jumladan, Turkiya va Fransiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish jarayoni hamda G‘azo sektoridagi vaziyat ko‘rib chiqilgan.
Prezident Erdo‘g‘an Turkiya Rossiya va Ukraina o‘rtasida adolatli tinchlikka erishish uchun sa’y-harakatlarni davom ettirayotganini qayd etgan. Davlat rahbari Anqara yaqinda Alyaska va Vashingtonda bo‘lib o‘tgan Ukraina bo‘yicha muzokaralarning borishini diqqat bilan kuzatganini ta’kidlagan. Turkiya Prezidenti Anqara bundan keyin ham Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari doirasida barcha zarur qadamlarni tashlashga tayyor ekanini bildirgan.
Prezident Erdo‘g‘an G‘azo sektorida keng ko‘lamli gumanitar falokat yuz berayotganini ta’kidlagan va Isroilning bu hududni bosib olish rejasini tezlashtirgan “mas’uliyatsiz harakatlarini” jilovlash zarurligini qayd etgan.
Ikki mamlakat rahbarlari telefon suhbati davomida muhokama qilingan masalalarni 2025 yilning sentyabr oyida Nyu-Yorkda o‘tkazilishi rejalashtirilgan BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi doirasida batafsil davom ettirishga kelishib olgan.
Shuningdek, Prezident Erdo‘g‘an Turkiya Fransiya bilan hamkorlikni rivojlantirishga katta ahamiyat berishini qayd etib, Anqara bundan buyon ham Parij bilan har tomonlama munosabatlarni, xususan mudofaa sanoati sohasida yanada rivojlantirish uchun zarur choralarni ko‘rishini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, 15 avgust kuni AQSHning Alyaska shtatida Tramp va Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 16 avgust kuni soat 04:25 da yakunlandi. Alyaskada bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Tramp va Putin birgalikdagi matbuot anjumanida qatnashdi.
Matbuot anjumanidan oldin Putin va Tramp “uchga-uch” formatida taxminan 2 soat 45 daqiqa davom etgan muzokaralar o‘tkazdi. Tramp ko‘plab masalalar bo‘yicha kelishuvga erishilganini ta’kidladi, biroq Ukraina masalasida hali bitim yo‘qligini qayd etdi. Putin esa muzokaralarni foydali, deb atab, Rossiya Ukrainaga xavfsizlik bo‘yicha ishlashga tayyorligini bildirdi. Davlat rahbarlari jurnalistlarning savollariga javob bermadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Yevropa mamlakatlari Ukrainaga “tinchlikparvar kuchlar” va quruqlikdagi operatsiyalar orqali yordam berishi kerakligini aytgandi. Makronga ko‘ra, tinchlikni ta’minlash uchun kuchli Ukraina armiyasi zarur bo‘ladi va Ukrainaga quruqlikdagi operatsiyalar bilan yordam ko‘rsatish shart. U, shuningdek, Ukrainaga ittifoqchilari tomonidan taqdim etilishi mumkin bo‘lgan tinchlikparvarlik missiyalariga ehtiyoj tug‘ilishini ta’kidlagan.
Live
BarchasiMen diktatorman – Tramp
10:14