Erdo‘g‘an Ar-Riyoddagi aeroportga qilingan hujumni keskin qoraladi
Olam
−
10:59 685 3 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an husiylarning Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoddagi Podshoh Xolid xalqaro aeroportiga hujumini keskin qoralab, Saudiya Arabistonini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Bu haqda Turkiya rahbari Anqaradagi prezidentlik majmuasida bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan keyin ma’lum qildi.
Erdo‘g‘an joriy yilning 10 oktyabr kuni Ar-Riyoddagi xalqaro aeroportga husiylar tomonidan uyushtirilgan hujumni qoralab:
“Halok bo‘lgan birodarlarimiz, jumladan, umra ziyoratini ado etayotganlar uchun Allohdan rahmat so‘raymiz, yaradorlarga esa tezroq sog‘ayib ketishlarini tilaymiz. Turkiya ushbu noqonuniy va g‘ayriinsoniy hujumlar qarshisida Saudiya Arabistoni va saudiyalik birodarlarimiz tomonida turadi”, degan.
Shuningdek, Erdo‘g‘an mintaqada Livandan Yaman va Erongacha bo‘lgan hududda keskinlik ortib borayotganini qayd etgan. Uning bildirishicha, ayrim kuchlar o‘z manfaatlarini vositachi kuchlar orqali ilgari surishga urinmoqda. Turkiya esa nizolarni jang maydonida emas, balki muzokaralar va diplomatiya orqali hal qilish tarafdori.
“Suverenitet va hududiy yaxlitlikni o‘zaro hurmat qilish bizning asosiy tamoyilimizdir. Bizning fikrimizcha, bo‘linish va parokandalik mintaqamizni qon dengiziga aylantirishga urinayotgan yovuz kuchlar manfaatiga xizmat qiladi”, degan u.
Turkiya rahbari Anqara butun mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida sa’y-harakatlarini davom ettirishini bildirgan.
Bundan tashqari, Erdo‘g‘an Turkiya, Pokiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida joriy yilning 7 avgust kuni imzolangan “Makka qo‘shma mudofaa kelishuvi” haqida ham gapirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda kelishuvning institutsional asoslarini yaratish va hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yish ustida ish olib borilmoqda.
“Biz mudofaa sohasidagi hamkorligimizni ikki asosiy yo‘nalishda rivojlantirmoqdamiz. Birinchidan, jamoaviy mudofaa va mintaqaviy hamkorlik maqsadlariga erishish ustida ishlayapmiz. Ikkinchidan, ushbu hamkorlik barqaror va samarali faoliyat yuritadigan institutsional tuzilmaga ega bo‘lishi uchun zarur choralarni ko‘ryapmiz”, degan Erdo‘g‘an.
U kelishuv NATOdagi kabi milliy qonunchilik asosida amalga oshirilishini ta’kidlagan. Prezidentning ma’lum qilishicha, yaqin kunlarda hujjatni ichki tasdiqlash jarayonini yakunlash uchun parlamentga taqdim etish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.
“Turkiyaning pozitsiyasi, ustuvor yo‘nalishlari va himoya qiladigan tamoyillari aniq. Biz voqealarga hech qachon etnik yoki diniy mansublik nuqtai nazaridan qaramaymiz. Butun mintaqamizda tinchlik va barqarorlik hukm surishini istaymiz. Tinchlikni himoya qilishda davom etamiz va unga erishish uchun bor kuchimizni sarflaymiz”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Eslatib o‘tamiz, 10 oktyabr kuni Yamandagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylar Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoddagi xalqaro aeroportga hujum qilgan edi. Oqibatda kamida 12 kishi halok bo‘lib, yana 309 kishi yaralangan. Hujum oqibatida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi ham yengil jarohat olgandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoddagi Podshoh Xolid xalqaro aeroportiga husiylar tomonidan uyushtirilgan hujumni qat’iy qoralagan edi.
Live
Barchasi