Endi avtomobillarning ma’lum vaqtda avtobuslar yo‘lagida harakatlanishi qoidabuzarlik bo‘lmaydi

Jamiyat

image

Endi avtobuslar harakati uchun ajratilgan, ya’ni “A” harfli tasmalarda boshqa transport vositalarining soat 23:00 dan 06:00 ga qadar harakatlanishi qoidabuzarlik hisoblanmaydi. Bu Prezident topshirig‘iga asosan qabul qilingan hukumat qarorida belgilangan.

Qaror imzolangan kundan boshlab qator yengilliklar joriy qilinadi.

Xususan, soat 23:00 dan 06:00 ga qadar yo‘nalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmalarda boshqa transport vositalarining harakatlanishiga ruxsat berildi.

Avtobuslar harakati uchun ajratilgan, ya’ni “A” harfli tasmalarda boshqa transport vositalarining harakatlanishi hozirda taqiqlangan. Soat 23:00 dan boshlab deyarli barcha avtobus yo‘nalishlari o‘z ishini tugatishini hisobga olib hamda qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida boshqa transport vositalarining tungi paytda, soat 6:00 ga qadar ushbu tasmalarda harakatlanishi mumkin bo‘ladi va bu qoidabuzarlik hisoblanmaydi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur qaror bilan joriy yil 1 iyundan boshlab yo‘l chiziqlarini bosib qoidabuzarlik sodir etish holatlarini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangandi. To‘xtash chizig‘i – “stop-liniya” (5.33 yo‘l belgisi) bundan mustasno.

Qarorga ko‘ra, 1 iyundan boshlab shaharlar avtomobil yo‘llarida ta’mirlash yoki yo‘l chiziqlarini chizish bilan bog‘liq ishlarni soat 07:00 dan 21:00 ga qadar amalga oshirishga (dam olish kunlari, shuningdek, kechiktirib bo‘lmaydigan alohida holatlar bundan mustasno) yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, joriy yil 1 sentyabrdan boshlab harakat tezligini nazorat qilishga mo‘ljallangan har qanday turdagi statsionar va mobil radarlar joylashgan hududda va ungacha kamida 250 metrdan kam hamda 500 metrdan ko‘p bo‘lmagan hududda “Radar” yo‘l belgisining o‘rnatilishi majburiy bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

avtobuslar yo'l qoidasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing