Ekvador meksikalik muxlislar ustidan FIFAga shikoyat qildi
Sport
−
01 iyul 1746 2 daqiqa
Ekvador futbol federatsiyasi (FEF) 2026 yilgi Jahon chempionati 1/16 finalida Meksikaga qarshi o‘yin oldidan yuz bergan voqealar yuzasidan FIFAga rasmiy shikoyat bilan murojaat qildi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Ekvador va Meksika terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda mezbonlar 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.
FEF bayonotida qayd etilishicha, o‘yin arafasida kuzatilgan holatlar Jahon chempionatiga xos bo‘lgan halol o‘yin, hurmat va birdamlik tamoyillariga zid hisoblanadi.
“Ekvador futbol federatsiyasi ushbu harakatlar Jahon chempionatiga xos bo‘lishi kerak bo‘lgan halol o‘yin, adolat va birdamlik tamoyillariga zid ekani sababli FIFA’ga rasmiy shikoyat qildi. Biz vakolatli idoralarni ushbu holatlarga jiddiy e’tibor qaratishga hamda futbolchilarimiz, murabbiylar shtabi va muxlislarimiz xavfsizligini ta’minlash uchun zarur choralarni ko‘rishga chaqiramiz.
Ishonamizki, sport ruhiga zid bunday voqealar ikki qardosh xalqni birlashtirgan futbol bayramiga soya solmaydi. Jahon chempionatida har doim hurmat, sog‘lom raqobat va halol o‘yin ustuvor bo‘lishi kerak”, deyiladi federatsiya bayonotida.
AFP agentligining ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvdan bir kecha avval Ekvador terma jamoasi joylashgan mehmonxona oldiga qariyb ming nafar meksikalik muxlis to‘plangan. Ular tun bo‘yi qo‘shiq kuylab, raqsga tushgan va mushakbozlik uyushtirgan.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilgi Jahon chempionati AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tkazilmoqda. Turnir joriy yilning 19 iyul kuni yakunlanadi.
Live
Barchasi