Durdona va Sayyoraning qotillariga sud hukmi o‘qildi

3-sahifa

image

Istanbulda O‘zbekiston fuqarolari Durdona Hakimova va Sayyora Ergashaliyevani o‘ldirishda ayblangan ikki shaxsning har biriga ikki marta og‘irlashtirilgan umrbod qamoq jazosi tayinlandi. Sud, shuningdek, ularni marhumlarning o‘limidan foydalanib, xonadonda o‘g‘rilik qilgani uchun ham jazoladi. Bu haqda Turkiyaning mahalliy ommaviy axborot vositalari xabar berdi.

Istanbulning Umraniya tumanida O‘zbekiston fuqarolari – 36 yoshli Durdona Hakimova va 32 yoshli Sayyora Ergashaliyevaning o‘limi bo‘yicha sud qarori chiqarildi. Jinoyatda ayblangan O‘zbekiston fuqarolari 31 yoshli Dilshod Turdimurotov va 29 yoshli G‘ofurjon Kamolxo‘jayev har biri “qasddan, vahshiylik hissi bilan yoki qiynoq yetkazib o‘ldirish” jinoyati bo‘yicha ikki martadan og‘irlashtirilgan umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.

Bundan tashqari, sud har ikki ayblanuvchiga “shaxsning o‘limidan foydalanib, xonadonda o‘g‘rilik qilish” jinoyati uchun ham ikki martadan 7 yil – jami 14 yillik qamoq jazosi tayinladi.

Kamera tasvirlari gumondorlarning izini ochgan

O‘zbekistondan 2025 yilning 28 dekabr kuni Turkiyaga borgan Sayyora Ergashaliyevadan joriy yil 23 yanvardan beri xabar olinmagani haqida uning oilasi ma’lum qilgan. Shundan so‘ng huquq-tartibot idoralari tekshiruv boshlagan.

Tergov davomida Sayyoraning Durdona Hakimova o‘ldirilgan xonadonda yashagani aniqlangan. Xavfsizlik kameralari tasvirlari o‘rganilganda, 23 yanvar kuni Sayyora xonadonga kirganidan keyin Dilshod Turdimurotov va G‘ofurjon Kamolxo‘jayev ham ushbu manzilga kirgani ma’lum bo‘lgan.

Kamera tasvirlarida 24 yanvar kuni gumondorlarning xonadondan bir necha marta qora chiqindi paketlari bilan chiqqanlari ko‘ringan. Keyinchalik ular manzildan oq rangli chemodan bilan ham chiqib ketgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumondorlar tijoriy taksida Fotih tumaniga borgan. Ular chemodandagi bo‘laklarni chiqindi konteyneriga tashlagandan keyin piyoda holda Yenikapi Marmaray bekatiga yo‘l olgan.

Tergov doirasida Durdona Hakimovaning qotiligi bo‘yicha hibsda saqlanayotgan Dilshod Turdimurotov va G‘ofurjon Kamolxo‘jayev bilan o‘tkazilgan suhbatlar davomida Sayyora Ergashaliyeva ham 23 yanvar kuni xuddi shu xonadonda o‘tkir kesuvchi qurol bilan o‘ldirilgani ma’lum bo‘lgan. Tergovda Sayyoraning jasadi bo‘laklarga bo‘linib, Istanbulning turli tumanlaridagi chiqindi konteynerlariga tashlangani ham aniqlangan.

Ish bo‘yicha Anadolu 17-Og‘ir jinoyatlar sudida o‘tkazilgan navbatdagi majlisda hibsdagi ayblanuvchilar Dilshod Turdimurotov va G‘ofurjon Kamolxo‘jayev, ularning advokatlari hamda Oila va ijtimoiy xizmatlar vazirligi advokati ishtirok etgan.

“Sayyorani yolg‘iz o‘zim o‘ldirdim”

Hibsdagi G‘ofurjon Kamolxo‘jayev suddagi himoya nutqida Sayyora uning diniy nikohdagi rafiqasi bo‘lganini aytgan. U Durdonani tanimasligini, Dilshod esa uning do‘sti ekanini bildirgan. Kamolxo‘jayev Sayyorani xiyonat qilgani uchun “nomus sababli” o‘ldirganini va jinoyatni yolg‘iz o‘zi sodir etganini aytgan.

“Uning oilasi bu yerda bo‘lgani uchun tafsilotlarni aytishni istamayman. Boshqa ayblanuvchi Dilshod menga yordam bermagan. Bir kundan keyin boshqa marhuma Durdona men yashaydigan uyga keldi. Durdona bilan Dilshodning munosabatlari yaxshi emas edi, ularni yarashtirmoqchi bo‘ldim”, degan u.

Kamolxo‘jayev Sayyoraning telefonidan Durdonaga o‘zi xabar yozmaganini va bu haqda ma’lumoti yo‘qligini aytgan. U, shuningdek, Durdonaning qanday o‘ldirilganini bilmasligini bildirib, Sayyora o‘ldirilganidan keyin uning jasadi xonadonda qolganini bildirgan.

“Qonli ko‘rpa va kiyimlarni paketlarga solib, olib chiqdim. Jasadni bo‘laklarga bo‘lmadim. Durdonani men o‘ldirmadim, uning jasadini ham bo‘laklarga bo‘lmadim. Dilshod mendan yordam so‘radi, u bilan birga chemodanni tushirdim. Chemodan ichida nima borligini bilmasdim. Sayyorani o‘ldirgan kecham Dilshod uyda yo‘q edi. Sayyorani yolg‘iz o‘zim o‘ldirdim, menga hech kim yordam bermadi”, degan Kamolxo‘jayev.

“Eng og‘ir jazoga loyiqman”

Ikkinchi ayblanuvchi Dilshod Turdimurotov esa sudda faqat Durdonani “nomus masalasi” sababli o‘ldirganini tan olgan.

“Men faqat Durdonani nomus masalasi sababli o‘ldirganimni tan olaman. Boshqa hech narsani tan olmayman. Aqlim joyida bo‘lmagani uchun jasadni bo‘laklarga bo‘ldim. Qilgan ishimni oqlab bo‘lmaydi, pushaymonman. Eng og‘ir jazoga loyiqman. Chin dildan pushaymonman, qani edi bunday qilmaganimda”, degan Turdimurotov.

Marhumaning diniy nikohdagi eri va sud hukmi

Sudda da’vogar sifatida ko‘rsatma bergan Erhan Dursun Durdona Hakimovaning 7 yildan beri diniy nikohdagi eri bo‘lganini aytgan. Shu bilan birga, u marhumaning boshqa shaxs bilan rasmiy nikohda bo‘lganini bildirgan. Shundan so‘ng sud raisi unga murojaat qilib, marhuma bilan rasmiy nikohdan o‘tmagan bo‘lsa, uni da’vogar sifatida tinglash mumkin emasligini aytgan. 

“Marhuma bilan rasmiy nikohing bo‘lmasa, qanday qilib sen diniy nikohda bo‘lgansan? Hech bo‘lmasa dinni bunday ishlarga aralashtirmanglar», degan sud raisi.

Sud majlisida davlat ayblovchisi o‘zining yakuniy fikrini bayon qilgan. Prokuror har ikki ayblanuvchiga “shaxsning o‘limidan foydalanib, xonadonda o‘g‘rilik qilish” jinoyati bo‘yicha ikki martadan 7 yillik qamoq jazosi berishni so‘ragan. Shuningdek, ularni “qasddan, vahshiylik hissi bilan yoki qiynoq yetkazib o‘ldirish” jinoyati bo‘yicha ikki martadan og‘irlashtirilgan umrbod qamoq jazosiga hukm qilishni talab qilgan.

Sud hay’ati qarorini e’lon qilib, Dilshod Turdimurotov va G‘ofurjon Kamolxo‘jayevning har birini “qasddan, vahshiylik hissi bilan yoki qiynoq yetkazib o‘ldirish” jinoyati bo‘yicha ikki martadan og‘irlashtirilgan umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Bundan tashqari, har ikkisiga “shaxsning o‘limidan foydalanib, xonadonda o‘g‘rilik qilish” jinoyati bo‘yicha ham ikki martadan 7 yil, jami 14 yil qamoq jazosi berildi.

Ayblov xulosasida nima deyilgan?

Anadolu Respublika Bosh prokuraturasi tomonidan tayyorlangan ayblov xulosasida ayblanuvchilar voqea kuni harakatlarni birgalikda va kelishgan holda amalga oshirgani qayd etilgan. 

Hujjatda aytilishicha, ayblanuvchilar dastlab Sayyora Ergashaliyevani pichoq bilan o‘ldirgan. Shundan so‘ng uning boshi, oyoqlari va qo‘llarini tanasidan ajratib, chiqindi paketlariga solgan va voqea joyiga yaqin chiqindi konteynerlariga tashlagan. Jasadning asosiy qismi esa Fotih tumanidagi masjid yaqinida joylashgan chiqindi qutisiga tashlangan. 

Shundan keyin ayblanuvchilar yana xuddi shu xonadonga qaytib, Durdona Hakimovani pichoq bilan o‘ldirgani aytilgan. Ayblov xulosasiga ko‘ra, Durdonaning jasadi ham bo‘laklarga bo‘lingan va chiqindi paketlari hamda chemodanga solinib, chiqindi konteyneriga tashlangan. Hujjatda ayblanuvchilar jinoyatni birgalikda sodir etgani ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq sud yakunida prokurorlar tomonidan hibsga olingan gumonlanuvchilar 31 yashar Dilshod Turdimurotov va 29 yashar G‘ofurjon Kamolxo‘jayevga nisbatan og‘irlashtirilgan umrbod qamoq jazosi so‘ralgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing