Denovda poyezd Gentra’ni urib ketdi. Qurbonlar bor

3-sahifa

image

Joriy yilning 29 avgust kuni Surxondaryo viloyati Denov tumanining Ozod mahallasidan o‘tgan qo‘riqlanmaydigan temir yo‘l kesishmasida Gentra avtomobili tranzit poyezdi bilan to‘qnashdi. Oqibatda avtomashina ichidagi ikki ayol halok bo‘ldi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, soat 17:13 larda Denov tumani Ozod mahallasi hududidan o‘tgan qo‘riqlanmaydigan temir yo‘l kesishmasida Dushanbe-Volgograd yo‘nalishidagi tranzit poyezdi harakatlanib kelayotgan bo‘lgan. Shu vaqtda Gentra haydovchisi temir yo‘l kesishmasidan o‘tishga uringan va poyezd avtomashinani urib yuborgan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, voqeaga haydovchining shoshma-shosharligi sabab bo‘lgan. Ularning aytishicha, haydovchi temir yo‘l kesishmasida bir necha bor to‘xtagan, biroq keyin harakatlanib, poyezd yo‘liga chiqib ketgan.

To‘qnashuv oqibatida avtomashina ichidagi ikki ayol voqea joyida halok bo‘lgan. Gentra haydovchisi hamda 2024 yilda tug‘ilgan qizaloq jarohatlangan. Ular zudlik bilan Denov tumani shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga olib ketilib, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Hozirda ularning ahvoli yaxshi ekani aytilmoqda.

Marhumlarning biri 1979 yilda Sho‘rchi tumanida, ikkinchisi esa 1996 yilda Denov tumanida tug‘ilgan fuqaro bo‘lgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Mahalliy aholi esa ushbu temir yo‘l kesishmasiga maxsus to‘siq – shlagbaum o‘rnatish zarurligini aytmoqda.

Aholiga ko‘ra, avtomobil elektr ustuniga ham borib urilgan va buning oqibatida ustun bir metrga yaqin pastlagan. Ular mas’ullardan ushbu ustunni avvalgi holatiga keltirishni, temir yo‘l kesishmasiga shlagbaum yoki navbatchi qo‘yishni so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida Lacetti katta tezlikda Isuzu rusumli avtobus bilan to‘qnashib ketgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing