“Demokratiya davri boshlandi”. Japarov parlament saylovlari haqida gapirdi 

Olam

image

Qirg‘izistonda bo‘lajak parlament saylovlari adolatli va demokratik normalar asosida o‘tadi. Bu haqda Bishkekda o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Respublika Prezidenti Sadir Japarov ma’lum qildi.  

“Qirg‘izistonda demokratiya davri boshlandi, shuning uchun bo‘lajak parlament saylovlari halol, adolatli va barcha demokratik tamoyillar asosida o‘tadi”, degan u. 

Japarovning eslashicha, o‘tgan yilning oktyabr oyida oliy qonun chiqaruvchi organga bo‘lib o‘tgan saylovlar mamlakatda hokimiyat almashinuvi bilan yakunlangan, chunki saylovlar davomida turli ommaviy qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan. 

“Bularning barchasi inqilobga olib keldi, xalqimiz bundan keyin ham bu kabi narsalarga toqat qilmasligini yana bir bor isbotladi”, degan davlat rahbari. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda mamlakatda fuqarolarning ovoz berish jarayonida o‘z tanlovini erkin amalga oshirishi uchun barcha sharoit yaratilgan. 

Ma’lumot o‘rnida, Qirg‘iziston parlamentiga saylovlar joriy yilning 28 noyabriga belgilangan. Ular aralash tizim bo‘yicha o‘tkaziladi: 54 deputat partiya ro‘yxati bo‘yicha, 36 nafari bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha saylanadi. 

Oliy qonun chiqaruvchi organdagi deputatlik o‘rinlari uchun 21 ta siyosiy partiya va 300 ga yaqin nomzodlar bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha kurash olib bormoqda. Saylovda ishtirok etayotgan partiyalarning aksariyati ilk bor qatnashmoqda. 

Respublikada saylovchilar ro‘yxatiga 3,7 milliondan ko‘proq kishi kiritilgan. Qirg‘iziston va undan tashqarida saylov kuni 2500 ga yaqin saylov uchastkasi ochiladi. Saylovlarni 730 ga yaqin xalqaro kuzatuvchilar, jumladan MDH va YeXHT tuzilmalaridan vakillar ham kuzatadi.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda 2020 yilning 4 oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovlaridan keyin, 7 foizlik minimum ovozni to‘play olmagan partiya tarafdorlari norozilik namoyishlarini boshladi. Bir necha kun davom etgan namoyish va tartibsizliklar ortidan Bosh vazir Kubatbek Boronov va uning Hukumati iste’foga chiqdi. Namoyishchilar davlat idoralarini egallab oldi. 

Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi. 

O‘sha vaqtdagi Prezident Sooronbay Jeenbekov Bishkekda favqulodda holat joriy qildi va poytaxtga harbiylar kiritildi. Buning natijasida vaziyat biroz tinchidi. Ammo namoyishchilar Prezidentdan iste’foga chiqishini talab qildi. Natijada 15 oktyabrda Jeenbekov xalqiga qarata o‘q uzib, qon to‘kmaslik uchun iste’fo berdi.  

Uning vazifasini vaqtincha bajarishi kerak bo‘lgan parlament spikeri Kanat Isayev bundan bosh tortdi. Natijada davlat rahbari vakolati namoyishlar ortidan Bosh vazir bo‘lgan Sadir Japarovga o‘tdi. 

Sadir Japarov Qirg‘izistonda joriy yilning 10 yanvar kuni muddatidan oldin o‘tkazilgan prezidentlik saylovida g‘alaba qozondi. U 28 yanvar kuni qasamyod keltirib, rasman Prezident lavozimida ish boshladi.


Maqola muallifi

Teglar

saylov Japarov

Baholaganlar

39

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing