Davlat xizmatchilari bo‘lgan vertolyot qulab tushdi. Qurbonlar bor

Olam

image

Kecha, 29 iyul kuni Argentinaning San Xuan provinsiyasida favqulodda xizmatlar vakillari bo‘lgan vertolyot halokatga uchradi. Fojia oqibatida bortdagi 7 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda provinsiya gubernatori Marselo Orrego o‘zining X’dagi sahifasida ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, halokat o‘rmon yong‘inlarini bartaraf etish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari davomida yuz bergan.

“Provinsiyamizda sodir bo‘lgan vertolyot halokati oqibatida 7 nafar insonning vafot etgani haqidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qildik”, degan Orrego.

Gubernatorning bildirishicha, halok bo‘lganlar orasida San Xuan Fuqaro muhofazasi xizmati direktori, provinsiya politsiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari, Yong‘in xavfsizligi xizmati boshlig‘i va uning o‘rinbosari, shuningdek, Federal favqulodda vaziyatlar agentligining ikki nafar brigada a’zosi bo‘lgan. Vertolyotni boshqargan uchuvchi ham hodisa oqibatida halok bo‘lgan.

“Bu og‘ir damda halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga samimiy hamdardlik bildiraman. Hukumat zarur yordam ko‘rsatish uchun barcha tegishli idoralar bilan hamkorlik qilmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan gubernator.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Bell 412 rusumli vertolyot bilan parvoz vaqtida aloqa uzilgan. Oradan ko‘p o‘tmay uning qoldiqlari mahalliy tog‘-kon kompaniyasiga qarashli vertolyot ekipaji tomonidan topilgan. Voqea tog‘li hududda yuz bergani va hududga transportda borish imkoni bo‘lmagani sababli qutqaruvchilar halokat joyiga piyoda yetib borgan.

Ma’lumot uchun, San Xuan Argentinaning Chili bilan chegaradosh g‘arbiy provinsiyalaridan biri bo‘lib, Kuyo mintaqasiga kiradi. Hudud mamlakatning muhim tog‘-kon markazlaridan sanaladi. Provinsiyada oltin, kumush va mis qazib olish ishlari olib boriladi, shuningdek, yirik mis konlarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 iyun kuni Saudiya Arabistonida vertolyot qulashi oqibatida mamlakatning 14 nafar fuqarosi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing