Davaktiv sobiq rahbari ortidan O‘zbekneftgaz sobiq rahbarining ishi ham sudga oshirildi

3-sahifa

image

“O‘zbekneftgaz” AJ korxonasida 3 yilga yaqin rahbar sifatida faoliyat olib borgan Bahodirjon Sidiqov ishi sudga oshirildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Sidiqovga nisbatan tegishli moddalar bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi ish yurituviga kelib tushgan. 

Qayd etilishicha, O‘zbekneftgaz sobiq rahbari Sidiqov bilan birga “Enter Engineering Pte. Ltd” kompaniyasi bosh direktori Ulug‘bek Alimjonovich Usmonov, “Eriell Management” MCHJ direktori Nodirjon Nasimjonovich Boboyev, “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisining sobiq o‘rinbosari Baxtiyar Raxmankulovich Anarkulov kabilardan iborat jami 9 kishi sudlanmoqda.

Manbaga ko‘ra, Sidiqov va boshqalar (sudlanuvchilar jami 9 kishi) Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” va “v” bandlari,, 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” va “b” bandlari, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” va “b” bandlari hamda 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bo‘yicha ayblanmoqda.

Sudlanuvchilarning 5 nafariga qamoq, 4 nafariga garov ehtiyot choralari qo‘llangan.

Ma’lumot uchun, Bahodir Siddiqov “O‘zbekneftgaz” boshqaruvi raisi lavozimida ikki muddat ishlagan rahbar hisoblanadi. U 2019 yil fevraldan 2020 yil yanvargacha mazkur lavozimda ishlab, keyin boshqa ishga o‘tgan. Oradan uch yil o‘tib, 2023 yilning 12 martida u lavozimga yana qaytgan edi. Shundan so‘ng, Siddiqov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan 2025 yil dekabrida lavozimidan ozod etilgandi

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Davlat aktivlarini boshqarish agentligining sobiq rahbari Akmalxon Ortiqov ishi sudga oshirilgandi. Bu ikki sud ishining ochilish nuqtasi esa joriy yilning 27 yanvar kuniga borib taqaladi. O‘shanda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Akmalxon Ortiqov korrupsiyaviy sxemalar sabab ishdan olingani ma’lum qilingan edi.

Shuningdek, yig‘ilishda davlat rahbari “O‘zbekneftegaz” AJ va Davlat aktivlarini boshqarish agentligida katta taftish ketayotgani, milliard-milliard so‘mlik talon-torojliklar aniqlanganini aytib, barcha korrupsiyaviy sxemalar fosh etilishi va jazo muqarrarligi ta’minlanishini bildirgandi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing