Yana yong‘in: “Pojarniy”ning suvi tomga yetmadi
3-sahifa
−
20:00 1305 2 daqiqa
Kecha, 16 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan ko‘p qavatli uyning tom qismida yirik yong‘in chiqqani haqida xavotirli videolar tarqaldi. Uning tafsilotlarini o‘rganish maqsadida QALAMPIR.UZ jamoasi voqea joyiga bordi.
“Men o‘zim bu yerda yashamayman, qizim turadi. Uning aytishicha, kechqurun chiroq o‘chib-yonib, keyin yo‘lakni quyuq tutun qoplagan. Hamma shoshilib tashqariga chiqqanida, tom yonayotganini ko‘rgan. Qutqaruvchilar yong‘inni bir soatlarda o‘chirgan. Biroq tutun hididan hech kim uxlay olmagan. Ertalab kelib qarasak, shaxtalardan suv oqayotgan ekan. Kuyovimning aytishicha, uyimizdagi teshik bo‘lmaganida, suv xonadonimizga kirib ketishi mumkin edi”, deydi guvohlardan biri.
Poytaxt FVBBga Mirzo Ulug‘bek tumani Asaka ko‘chasida joylashgan uyning tom qismida yong‘in sodir bo‘layotgani haqida soat 22:02 da xabar kelib tushgan. Shundan so‘ng, Qutqaruv ekipajlari voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan. Yong‘in soat 22:43 da qurshab olingan va 50 daqiqadan so‘ng o‘chirilgan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, yong‘inni o‘chirish ishlariga bir soatdan ortiq vaqt ketgan. Tarmoqlarda tarqalgan videolarda esa, o‘t o‘chirish mashinalari ko‘p qavatli uyning arkasi sababli bino hovlisiga kirolmagani aks etgan. Biroq, rasmiylarning voqea tafsilotlari yuzasidan bergan izohlari buning aksini ko‘rsatmoqda.
“Yong‘in sodir bo‘lgan hududga qutqaruv mashinasi yetib kelganda bino arkasi oldida bir qancha mashinalar bor ekan. Shu tufayli mashina kirishga biroz qiynaldi. Biroq, birinchi navbatda biz alangani tarqalishini to‘xtatishga harakat qildik. Boshqa blokdagi xonadonlarning tom qismiga o‘tib ketmasligi uchun uni zudlik bilan to‘xtatish kerak edi”, deydi poytaxt FVBB axborot xizmati xodimi.
Kecha tarqalgan videolarda binoning faqat tom qismi yonayotgani ko‘ringan edi. Hozir esa mansarda qismiga tutash xonadonlarning ham yonib ketganini ko‘rishimiz mumkin. ayni paytda esa yong‘indan zarar ko‘rgan hududda tozalash ishlari olib borilmoqda.
Bu safar ham yong‘inning kelib chiqishiga nima sabab bo‘lgani hozircha aniq emas. Biroq yong‘in oqibatida bir nechta xonadon moddiy zarar ko‘rgan, yuqori qavatdagi ayrim xonadonlar esa yonib ketgan. FVBB bildirishicha, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.
Ushbu reportajni to‘liq shaklda QALAMPIR.UZ’ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Live
Barchasi