Britaniyada chaqaloq ilk bor ona qornida operatsiya qilindi
Olam
−
16:39 1147 2 daqiqa
Buyuk Britaniyada tug‘ilishi kutilayotgan chaqaloq hali onasi qornidaligida noyob jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdi. Shifokorlar dunyoda ilk bor gastroshizis deb ataluvchi og‘ir tug‘ma nuqsonni homila bachadonda bo‘lgan paytda tuzatishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, Londonda yashovchi Meyzi Sevaj homiladorlikning 26-haftasida o‘tkazilgan tekshiruvda homilasida gastroshizis aniqlangan. Bu tug‘ma nuqsonda kindik to‘g‘ri rivojlanmaydi va chaqaloqning ichaklari qorin bo‘shlig‘idan tashqarida shakllanadi.
Keyingi tekshiruvlarda homiladagi nuqson murakkab ekani ma’lum bo‘lgach, britaniyalik shifokorlar oilani AQSHning Xyuston shahridagi Texas bolalar shifoxonasiga yuborgan. Homiladorlikning 26-haftasida shifokorlar Meyzi Sevajning bachadonini qisman ochib, kichik invaziv jarrohlik usuli yordamida homilaning ichaklarini asta-sekin qorin bo‘shlig‘iga qaytargan. Shundan so‘ng bachadon yana yopilib, homiladorlik odatdagi tartibda davom ettirilgan.
Mazkur amaliyot gastroshizisni tug‘ilishdan oldin davolash bo‘yicha dunyodagi ilk klinik sinov doirasida amalga oshirilgan. Teo ismli chaqaloq ushbu usul qo‘llangan uchinchi, Buyuk Britaniyadan esa birinchi bemor bo‘lgan.
Operatsiyadan so‘ng homiladorlik to‘liq muddatiga yetgan va Teo joriy yilning fevral oyida tabiiy yo‘l bilan sog‘lom tug‘ilgan. Hozir u besh oylik bo‘lib, shifokorlar uning rivojlanishi me’yorida kechayotganini bildirgan.
Mutaxassislarning aytishicha, gastroshizis har 3 ming chaqaloqdan birida uchraydi. Kasallikning og‘ir shakllarida yangi tug‘ilgan chaqaloq bir necha oy reanimatsiyada davolanishi, bir necha marta operatsiya qilinishi, ayrim hollarda esa ichak transplantatsiyasiga muhtoj bo‘lishi mumkin. Hatto zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatilgan taqdirda ham bunday bemorlarning taxminan har o‘ninchisining hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmaydi.
Operatsiyani boshqargan homila jarrohi Maykl Belfort ushbu natijani “ajoyib muvaffaqiyat” deb baholagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu usul kelajakda bachadondayoq boshqa tug‘ma nuqsonlar, jumladan, ayrim yurak va o‘pka kasalliklarini davolash imkonini ham yaratishi mumkin.
Shifokorlar klinik sinov muvaffaqiyatli yakunlansa, ushbu amaliyotni Buyuk Britaniyada ham kengroq qo‘llashni rejalashtirmoqda.
Buyuk Britaniyalik ayol rivojlanayotgan homilasidagi nuqson tufayli bolasini ikki marta dunyoga keltirgandi.
Live
Barchasi