Bosh muftiyga suiqasd qilishga uringanlarning shaxsi ochiqlandi
Olam
−
13 fevral 9410 2 daqiqa
Avvalroq, Tojikistonda mamlakat bosh muftiysi Abdulqodirzoda Saidmukarramga pichoq bilan hujum uyushtirilgani haqida xabar bergan edik. Oqibatda muftiy yaralangan, biroq uni shifoxonaga yotqizish talab qilinmagandi. Hujum qilgan shaxs esa qo‘lga olinib, unga nisbatan jinoiy ish ochilgandi. Yigit esa 26 yilga qamalgandi. Mamlakat Oliy sudi bugun, 13 fevral kuni muftiyga hujum qilganlikda ayblanganlar ismini e’lon qildi. Bu haqda “Asia-Plus” xabar berdi.
Unga ko‘ra, bu ishda aybdor deb topilgan va jami 26 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan yigitning ismi Muhammadrofe Izzatulozoda deb ko‘rsatilgan.
U Tojikiston Jinoyat kodeksining 179-moddasi 2-qismi “v” bandi (bir guruh shaxslar tomonidan milliy, irqiy, mintaqaviy, diniy adovat asosida oldindan til biriktirib sodir etilgan terrorizm), 32-moddasi 3-qismi (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyatga suiqasd qilish) va 104-moddasi (qotillik) 2-qismi bilan aybdor deb topilgan.
Ikkinchi aybdorning ismi esa Mahmadxon Shodixonov bo‘lib, u Jinoyat kodeksining ikki moddasi – 179-moddaning (terrorizm) 2-qismi va 36-moddaning 5-qismi bilan 13 yilga, Uchinchi yigit – Qiyomiddin Fayzulloyev esa 347-moddaning 1-qismi (jinoyat haqida xabar bermaslik) bilan ikki yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Oliy sudi rahbari Rustam Mirzozodaning tushuntirishicha, ish avvaliga bezorilik toifasi bo‘yicha bo‘lgan, biroq dastlabki tergov davomida yangi holatlar aniqlangan va ekspertiza jinoyatda ekstremizm belgilari borligini tasdiqlagan.
Ma’lumot uchun, voqea 2024 yilning 11 sentyabr kuni Dushanbe markaziy masjidi yonida ro‘y bergan. Noma’lum shaxs Abdulqodirzoda Saidmukarramga pichoq bilan hujum qilgandi, oqibatda muftiy peshonasidan yaralangandi. Shundan so‘ng Ichki ishlar vazirligi bir kishi bezorilik niyatida muftiyga pichoq bilan hujum qilib, jamoat tartibini buzganini ma’lum qildi va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Biroq IIV uning ismi-sharifi va qaysi moddada ayblanayotganini oshkor qilmadi. Oradan bir oydan ko‘proq vaqt o‘tib – o‘tgan yilning 17 oktyabr kuni Abdulqodirzoda “bu yigit ekstremist bo‘lgan” deya ish yuzasidan izoh bergandi. Abdulqodirzoda Saidmukarram joriy yilning 7 fevraldagi juma xutbasida hujumchining 26 yillik qamoq muddatini tilga olgan, biroq keyinroq “Asia-Plus”ga bergan intervyusida tafsilotlarni aytishdan bosh tortgan. U o‘z va’zida bu yigitning “adashgani, aldangani va nima qilganini tushunmaganini” aytdi. 61 yoshli muftiy Tojikiston Ulamolar kengashini 2010 yilning oktyabridan buyon boshqarib kelgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Istanbulning Fotih tumanidagi masjidga tashrif buyurganlardan biri imom va ibodatchilardan biriga pichoq bilan hujum qilgandi. Hodisa namoz vaqtida jamoat a’zolaridan biri masjid ichida o‘zini provokatsion tuta boshlaganida sodir bo‘lgan.
Live
Barchasi