Tojikistonda mahkumlar qo‘riqchilarni o‘ldirib, qamoqdan qochmoqchi bo‘ldi

Olam

image

Kecha, 3 fevral kuni Tojikistonda 9 nafar mahkum axloq tuzatish muassasasining qo‘riqchilarini o‘ldirib, qochib ketishga urindi. Bu haqda Tojikiston Respublikasi Adliya vazirligi jinoiy jazolarni ijro etish bosh boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar markaziga tayanib, “Xovar” milliy axborot agentligi xabar berdi.

Hodisa kecha, 3 fevral kuni soat 15:44 da 3/2-sonli axloq tuzatish muassasasida sodir bo‘lgan. 9 nafar mahkumdan iborat guruh uy qurilishi asboblaridan foydalangan holda qo‘riqchilarga halokatli hujum qilgan.

Agentlikning xabar berishicha, hujum oqibatida o‘z xizmat vazifalarini bajarayotgan uch nafar xodim og‘ir tan jarohatlari olgan.

“Mahkumlar muassasa ma’muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysunmay, qo‘lbola o‘tkir va temir pichoqlar yordamida jinoiy harakatlarini davom ettirib, muassasani qo‘riqlayotgan askarlarni o‘ldirishga va qochishga uringan. Qo‘riqchilar qonun va xizmat ko‘rsatmalariga muvofiq harakat qilib, jinoyatchilarga qarshi o‘qotar qurol ishlatishga majbur bo‘lgan. Natijada 3 nafar jinoyatchi zararsizlantirilib, qolganlari qo‘lga olindi”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, jarohatlanganlarga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ularning salomatlik holati normal deb baholanmoqda. Muassasa esa odatdagidek ishlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili sentyabr oyida Qozog‘iston janubidagi Turkiston viloyatida mahbuslar qamoqda saqlash rejimiga itoatsizlik bildirib, isyon uyushtirgandi. Tartibsizliklar vaqtida Milliy gvardiyaning ikki nafar harbiysi va bir politsiyachi tan jarohatlari olgan va ularga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Oktyabr oyida Rossiyaning Lipetsk viloyatida olti mahkum tunnel qazib, koloniyadan qochib ketdi. Shundan so‘ng dastlab Tambov viloyatida mahkumlardan 4 nafari, keyinchalik esa yana bir nafar mahkum koloniyadan 50 km uzoqlikda qo‘lga olingan. Noyabrda esa Polinino qishlog‘i hududida koloniyadan qochgan 6-mahkum ham qo‘lga olindi.  


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston qamoqxona mahkum qo'riqchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing