Bolgariya osmonida daydi dron portladi
Olam
−
08 avgust 1149 2 daqiqa
Ruminiya havo hududidan Bolgariya havo hududiga kirgan dron mamlakat shimoli-sharqidagi Kardam qishlog‘i yaqinida portladi. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan va infratuzilmaga zarar yetmagan. Bu haqda Bolgariya Bosh vaziri Rumen Radev ma’lum qildi.
Radevning aytishicha, dron mahalliy vaqt bilan soat 08:10 da Bolgariya havo hududiga kirgan va Ruminiya chegarasi yaqinidagi kungaboqar dalasida portlagan. Portlash joyi Turkiyadan Ukrainagacha cho‘zilgan Trans-Bolqon gaz quvurining Bolgariyadagi kompressor stansiyasidan 1 kilometr, Ruminiya hududidagi kompressor stansiyasidan esa 200 metr uzoqlikda joylashgan.
Radev mamlakatdagi strategik ob’ektlar xavfsizligi va Bolgariya–Ruminiya chegarasi bo‘ylab kuzatuv kuchaytirilishini bildirgan. Portlash sodir bo‘lgan hudud o‘rab olingan. Dronning aniq turi hodisa joyi va uning qoldiqlari o‘rganilganidan keyin aniqlanishi aytilgan.
Radevning ta’kidlashicha, uchuvchisiz apparat Bolgariya yoki Ruminiya havo hududida bundan oldin aniqlanmagan. U bu holat dronlarni aniqlash va tanib olish hanuz murakkab vazifa bo‘lib qolayotganini ko‘rsatishini aytgan.
Bosh vazir, shuningdek, Bolgariya armiyasi uchun yuqori aniqlikdagi radarlarni yetkazib berishda kechikishlar yuz berayotganini qayd etib, bu masala bo‘yicha chora ko‘rishga va’da bergan.
Ma’lumot uchun, o‘nggi vaqtlarda G‘arb davlatlari Rossiya–Ukraina urushi bilan bog‘layotgan dronlarning havo hududlariga kirib qolishi holatlari ko‘paygan. Bu NATO davlatlarida xavfsizlik tahdidlariga qarshi mudofaa tizimlarini kuchaytirish zarurati haqidagi xavotirlarni oshirgan.
Live
BarchasiSariosiyoda terroristik guruh ushlandi
08 avgust