BMTda Falastin bo‘yicha xalqaro konferensiya boshlandi

Olam

image

Kecha, 28 iyul kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida Fransiya va Saudiya Arabistoni qo‘shma raisligida Falastin masalasini tinch yo‘l bilan hal qilish va “Ikki davlat yechimi”ni amalga oshirish bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiya ochildi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish yig‘ilishda dunyo og‘ir damni boshdan kechirayotgani va ikki davlatning paydo bo‘lishi “hech qachon bunchalik uzoq” bo‘lmaganini qayd etdi.

“Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaroni hal qilish mumkin. Bu siyosiy iroda va dadil rahbarlikni talab qiladi. Ayanchli voqelikni hisobga olgan holda, ikki davlat qaroriga erishish uchun ko‘proq ish qilish kerak va bu voqea kamdan-kam uchraydigan va almashtirib bo‘lmaydigan imkoniyatdir”, dedi Guterrish.

Uning aytishicha, mazkur konferensiya bosqinchilikka barham berish va hayotiy ikki davlat yechimiga bo‘lgan umumiy intilishimizni ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi qaytarib bo‘lmaydigan taraqqiyotni tezlashtiradigan hal qiluvchi burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin va bo‘lishi kerak.

Falastin Bosh vaziri Muhammad Mustafoning aytishicha, konferensiya falastinliklarga o‘z zaminida hayot, erkinlik va qadr-qimmatga bo‘lgan intilishlarini, shuningdek, suveren davlat huquqini ro‘yobga chiqarishda dunyo ular bilan birga ekani haqidagi xabardir. Uning aytishicha, bu uchrashuv isroilliklarga “tinchlik va mintaqaviy integratsiyaga yo‘l bor” degan xabardir.

Mustafo, shuningdek, HAMAS G‘azo sektoridagi hukmronligini tugatishi va qurollarini Falastin ma’muriyatiga topshirishi kerakligini aytdi.

“Falastin mintaqaviy va xalqaro kuchlarni barqarorlashtirish va himoya qilish missiyasida ishtirok etishga taklif qilishga tayyor”, deya qo‘shimcha qildi u.

BMT shtab-kvartirasida o‘tkazilgan brifingda Fransiyaning Yevropa va tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad tinchlik o‘rnatish imkoniyatini aniq bayon etish ekanini ta’kidladi. 

“Mintaqadagi urushga muqobil “ikki xalq uchun ikki davlat” rejasini amalga oshirish, shundan keyin Isroil va Falastin tinchlik va xavfsizlikda yashaydi”, dedi u.

Jan-Noel Barroning so‘zlariga ko‘ra, 120 dan ortiq davlat vakillari konferensiyada qatnashib, G‘azoning urushdan keyingi kelajagi bo‘yicha umumiy qarashni ma’qullashni rejalashtirmoqda.

Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farxon Ol Saud brifingda konferensiyaning qayta tiklanishi mintaqadagi zo‘ravonlik va azob-uqubatlarga barham berish yo‘li BMTning tegishli rezolyutsiyalari va “tinchlik uchun yer” tamoyiliga asoslangan “ikki xalq uchun ikki davlat” rejasini amalda amalga oshirish ekanligi haqidagi keng xalqaro konsensusni aks ettirishini aytdi.

“Ushbu mojaroga barham berish, Falastin davlatini barpo etish va mintaqadagi barcha xalqlarning xavfsizligi va suverenitetini ta’minlaydigan mustahkam va keng qamrovli tinchlikka erishish vaqti keldi”, dedi u. 

Ma’lumot uchun, Bosh Assambleya mazkur konfrensiyani 2024 yilning dekabrida chaqirishga qaror qilgandi. U o‘tgan oyda o‘tkazilishi kerak edi. Biroq Isroilning Eron hududiga havo hujumlari oqibatida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Nyu-Yorkda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Fransiya-Saudiya konferensiyasini kechiktirishini e’lon qildi. Ushbu konferensiya Falastin davlatini barpo etish bo‘yicha yangi “yo‘l xaritasi”ni taqdim etishi kerak. Reja, shuningdek, Isroil uchun xavfsizlik kafolatlari va uni arab mamlakatlari bilan chuqurroq integratsiyaga olib kelishni ham ko‘zda tutadi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya BMT Falastin Saudiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing