BMT shtab-kvartirasini Nyu-Yorkdan ko‘chirish taklif qilindi

Olam

image

Avvalroq, AQSH Davlat departamenti Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petroning vizasini bekor qilgani haqida xabar berilgan edi. Buning ortidan Gustavo BMT shtab-kvartirasini Nyu-Yorkdan ko‘chirishni taklif qildi. Bu haqda u o‘zining X’dagi sahifasida yozdi.

“Assambleyada qatnashayotgan Prezidentlar to‘liq immunitetdan foydalanadi. Falastin rasmiylariga kirish ruxsat etilmagani va mening vizam AQSH hamda Isroil armiyasini butun insoniyatga qarshi jinoyat bo‘lgan genotsidni qo‘llab-quvvatlamaslikka chaqirganim uchun bekor qilingani AQSH hukumati xalqaro huquq me’yorlariga amal qilmayotganidan dalolat beradi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining shtab-kvartirasi Nyu-Yorkda qolmasligi kerak”, deb yozdi Petro.

Petro, shuningdek, unga viza emas, balki faqat ESTA (AQSHga qisqa muddatli safarlar uchun onlayn tarzda ruxsat olish tizimi) kerakligini, chunki u nafaqat Kolumbiya, balki Yevropa fuqarosi ekanini bildirgan. 

“Men o‘zimni bu dunyodagi erkin fuqaro deb hisoblayman. Insoniyat butun dunyoda erkin bo‘lishi kerak. Bizning sayyorada yashashga haqqimiz bor”, deydi Prezident.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat departamenti Petro vizasini bekor qilishga uning go‘yoki amerikalik askarlarni “buyruqlarga bo‘ysunmaslikka va zo‘ravonlikka undashga” chaqirgan bayonotlari sabab bo‘lganini bildirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Davlat departamenti Gustavo Petro BMT shtab-kvartirasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing