Tramp 175 mingdan ortiq vizani bekor qildi
Olam
−
11:20 364 2 daqiqa
AQSH Davlat departamenti 175 mingdan ortiq xorijlikning vizasini bekor qildi. Ularning aksariyati jinoyat sodir etgani yoki viza shartlarini buzgani sababli mamlakatga kirish huquqidan mahrum qilingan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, viza shartlarini buzgan, jinoyat sodir etgan, AQSH fuqarolariga nisbatan zo‘ravonlikka chaqirgan, amerikaliklarni aldagan yoki milliy xavfsizlikka xavf tug‘dirgan shaxslarga nisbatan bekor qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, vizalarning aksariyati huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan bog‘liq hodisalardan so‘ng bekor qilingan. Ular orasida hujum, mast holda avtomobil boshqarish, o‘g‘rilik va giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar asosiy o‘rinni egallagan.
Departament ayrim holatlarni ham misol sifatida keltirgan. Jumladan, og‘ir zo‘rlash va jinsiy tajovuzda, odam o‘g‘irlash va odam savdosida ayblangan shaxslarning vizalari bekor qilingan. Shuningdek, bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik materiallarini saqlashda o‘ndan ortiq ayblovga duch kelgan shaxsning vizasi ham bekor qilingan.
Bundan tashqari, Shimoliy Afrikadagi AQSH elchixonasi farzandlari mamlakat fuqaroligini olishi uchun Amerikaga tug‘ish maqsadida kelgan “tug‘ilish sayyohlari”ning 100 dan ortiq vizasini bekor qilgan.
Davlat departamenti, shuningdek, konservativ faol Charli Kirkning o‘ldirilishini ijtimoiy tarmoqlarda nishonlagan bir nechta xorijliklarning vizalari ham bekor qilinganini ma’lum qilgan.
Bu Tramp ma’muriyatining vizalarni ommaviy bekor qilish bo‘yicha ilk holati emas. Joriy yilning yanvar oyida departament 100 mingdan ortiq vizani bekor qilganini bildirgan edi.
Nashrning qayd etishicha, vizalarning bekor qilinishi Trampning Oq uyga qaytganidan keyin boshlangan immigratsiyaga qarshi keng ko‘lamli siyosatining bir qismi hisoblanadi. Ma’muriyat viza berish talablarini va immigratsiya nazoratini kuchaytirgan hamda ijtimoiy tarmoqlarni tekshirishni kengaytirgan.
Huquq himoyachilari va inson huquqlari bo‘yicha mutaxassislar esa AQSH hukumatining ijtimoiy tarmoqlarni tekshirish siyosatini tanqid qilib, bu amaliyot so‘z erkinligiga tahdid solishi mumkinligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakatda tug‘ilish orqali fuqarolik olish amaliyotini cheklash va Amerika fuqaroligining qadrini himoya qilishga qaratilgan ikkita ijro farmonini imzolaganligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi