Kolumbiya Prezidenti taqiqlangan tashviqot uchun lavozimidan chetlatildi

Olam

image

Kecha, 10 iyun kuni Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro o‘z lavozimidan chetlatildi – bu mamlakat tarixida birinchi marta yuz berishi. Bu haqda “El Tiempo” xabar berdi. 

Tahririyat ixtiyorida bo‘lgan hujjatga ko‘ra, Petro joriy yil 21 iyungacha – prezidentlik saylovlarining ikkinchi turi bo‘lib o‘tadigan kunga qadar shunday maqomda qolishi kerak. Bundan rasmiy maqsad uning tashviqot ishlarida qatnashishi hamda chap qanot senatori, Petro partiyasidan nomzod Ivan Sepeda va o‘ng qanot siyosatchisi Abelardo de la Espriyelya ishtirok etayotgan ovoz berish natijalariga ta’sir o‘tkazishining oldini olishdir.

Qayd etilishicha, ushbu qarorning huquqiy maqomi darhol bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan. Qoida tariqasida bunday choralar komissiyaning yalpi majlisi, so‘ngra butun Vakillar palatasi tomonidan ma’qullanishini talab qiladi. Ayblovlar bo‘yicha komissiya a’zolarining nashrga ma’lum qilishicha, avval ham xuddi shunday tashabbuslar aynan ularning qonuniyligiga shubha borligi sababli rad etilgan.

Qaror qabul qilingan paytda Petro Nyu-Yorkda bo‘lgan – u 9 iyun kuni BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida ishtirok etish uchun u yerga uchib ketgan. “El Tiempo”ning bir qator manbalariga ko‘ra, aynan mana shu chora Petroning foydasiga xizmat qilishi mumkin – lavozimdan chetlatilish uni prezidentlik posti bilan bog‘liq cheklovlardan ozod qiladi va o‘z nomzodi – Sepeda uchun ochiqchasiga tashviqot olib borishiga imkon beradi.

Petroning xatti-harakatlari saylov kampaniyasi davrida davlat xizmatchilarining betaraflik prinsipini buzishi deb baholangan. Bu Kolumbiya intizom huquqidagi eng og‘ir qoidabuzarliklardan biri ekanligi ta’kidlanmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gustavo Petro AQSH Prezidenti Donald Trampni mamlakatdagi prezidentlik saylovlariga aralashishda ayblagan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing