AQSH BMT yig‘ilishiga borgan Prezidentning vizasini bekor qildi

Olam

image

AQSH Davlat departamenti BMT Bosh Assambleyasida qatnashish uchun Nyu-Yorkka borgan Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petroning vizasini bekor qildi. Bunga uning shaharda o‘tkazilgan ommaviy chiqishlarida go‘yoki zo‘ravonlikka da’vat qilgani sabab bo‘lgan. Bu haqda bugun, 27 sentyabr kuni AQSH Davlat departamenti matbuot xizmati xabar berdi.

“Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro Nyu-York ko‘chalariga chiqib, amerikalik askarlarni buyruqlarga bo‘ysunmaslikka va zo‘ravonlikka undashga chaqirdi. Biz Petroning vizasini uning o‘ylamay qilingan va nizo qo‘zg‘atuvchi harakatlari munosabati bilan bekor qilamiz”, deyiladi bayonotda. 

Qayd etish joiz, AQSH va Kolumbiya ittifoqchi davlatlar hisoblanadi, biroq Donald Tramp hokimiyatga kelganidan beri ularning munosabatlari sovuqlashgan. Hozirda Vashington Karib havzasida Venesuelaga qarshi mo‘ljallangan narkotiklar bilan kurashish operatsiyasini olib bormoqda. AQSH Venesuelani narkokartellarga rahbarlik qilishda ayblaydi.

Joriy yilning 24 sentyabr kuni esa Kolumbiya rahbari AQSH amaldorlari va Prezidentiga nisbatan Karib havzasida operatsiya sababli jinoiy ish qo‘zg‘atishga chaqirdi. Bu haqda u BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasidagi umumiy siyosiy munozarada so‘zlagan nutqida bayon qildi.

Gustavo Petro Amerika yetakchisini Karib dengizida suzayotgan kemalarga zarba berishga buyruq berganlikda ayblamoqda. Kolumbiya rahbariga ko‘ra, o‘sha paytda kemalarda “faqatgina kambag‘allikdan qochishni istagan yoshlar” bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Venesueladan AQSH tomonga harakatlanayotgan “narkoterroristlar” qayig‘iga qarshi zarba berilganini ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, AQSH harbiylari xalqaro suv hududida giyohvand moddalar olib ketayotgan kemani nishonga olgan. Trampning so‘zlariga ko‘ra, kema Qo‘shma Shtatlar tomon yo‘l olgan bo‘lib, hujum oqibatida uch nafar “narkoterrorist” halok bo‘lgan, amerikalik harbiylarlarga esa hech qanday ziyon yetmagan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Kolumbiya Gustavo Petro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing