BMT Xavfsizlik Kengashi favqulodda majlis o‘tkazdi

Olam

image

Kecha, 13 iyun kuni BMT Xavfsizlik Kengashi Isroil va Eron o‘rtasidagi keskin avj olgan mojaro munosabati bilan favqulodda majlis chaqirdi. Bu haqda UN News xabar berdi.

BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Rozmari Dikarlo “keng yoyilishi mumkin bo‘lgan yong‘in” xavfi haqida ogohlantirib, Eronning yadroviy ob’ektlariga, xususan, uran boyitish zavodi joylashgan Natanz majmuasiga berilgan zarbalardan jiddiy tashvishda ekanini bildirgan. MAGATE rahbari Rafael Grossi radiatsiya darajasi normada ekanini ma’lum qildi, biroq ob’ekt ichida mahalliy ifloslanish qayd etilganini tasdiqladi. U yadroviy ob’ektlar harbiy hujumlar nishoniga aylanmasligi kerakligini ta’kidladi.

Rossiya va Xitoy Isroilning harakatlarini keskin qoralab, uni xalqaro huquqni buzganlikda aybladi. AQSH esa javob tariqasida Eronni mojaroni avj oldirishda ayblab, Amerika manfaatlariga zarba berilgan taqdirda “oqibatlar jiddiy” bo‘lishidan ogohlantirdi. Britaniya va Fransiya taraflardan zudlik bilan deeskalatsiya va diplomatik yechim talab qildi.

Eron Isroilning harakatlarini “terroristik akt” deb atab, o‘nlab halok bo‘lganlar borligini ma’lum qilgan. Isroil esa o‘zini himoya qilish huquqiga ega ekanini bildirgan va Eronning yadroviy va raketachilik infratuzilmasiga qarshi operatsiya boshlanganini e’lon qilgan.

BMT barcha tomonlarga so‘rov bilan murojaat qilib, vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish, xalqaro huquqqa amal qilish va siyosiy muloqotga zudlik bilan qaytishga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 13 iyun kuni Isroil Eronga raketa hujumlari uyushtirdi. Oqibatda mamlakatning bir nechta yuqori lavozimli qo‘mondonlari, shuningdek, tinch aholi vakillari halok bo‘ldi. Shuningdek, yadroviy inshootlar zarar ko‘rdi. Umuman olganda, Isroilning 13 iyunga o‘tar kechasi boshlangan yirik zarbalari Eronning 20 ga yaqin yuqori martabali harbiy rahbarlari va asosiy yadroviy olimlarining hayotiga zomin bo‘ldi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroilning Eron yadroviy ob’ektlariga bergan zarbalaridan xavotir bildirib, tomonlarni bosiqlikka chaqirdi.

Isroil tomonidan Eronga qarshi amalga oshirilgan keng ko‘lamli hujumlardan so‘ng, Eron Isroilga qarshi o‘z javob zarbalarini yo‘lladi. Eron harbiy kuchlari tomonidan Isroil hududiga qarata 200 dan ortiq dron va ballistik raketalar uchirilgan. Isroil Mudofaa kuchlari ushbu zarbalarni tasdiqlagan va havo mudofaa tizimlari zudlik bilan ishga tushirilgan. SAXAL rasmiy bayonotida aytilishicha, Isroil havo mudofaasi katta miqdordagi hujumchi dron va raketalarni tutib qolishga muvaffaq bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida 5 kishi halok bo‘lgan va 10 dan ortiq kishi jarohat olgan. Isroil tomoni esa 1 kishining o‘limini tasdiqlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron-Isroil BMT Xavfsizlik Kengashi Rozmari Dikarlo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing