Birinchi axlat yig‘ish musobaqasi qanday o‘tdi?
Bu qiziq
−
29 noyabr 2023
4392Yaponiyada axlat yig‘ish bo‘yicha birinchi jahon chempionati bo‘lib o‘tdi, bu haqda "Edo Tokyo" nashri xabar berdi.
Chempionat “SpoGomi World Cup – 2023” deb nomlandi. Bunda “Gomi” so‘zi yaponcha axlat, degan ma’noni anglatadi. Ushbu turnir mahalliy notijorat tashkilotlardan biri tomonidan tashkil etildi.
Tokiodagi musobaqada ishtirok etish uchun 21 davlatdan, jumladan, Avstraliya, Braziliya, Buyuk Britaniya, AQSH, Fransiya, Chili va Janubiy Afrikadan jamoalar kelgan.
Musobaqa ishtirokchilarining vazifasi bir yarim soat ichida poytaxtning ikki gavjum hududida imkon qadar ko‘proq axlat yig‘ish edi. Har bir jamoada uchtadan o‘yinchi bo‘lib, ularning barchasi rezina qo‘lqop, maxsus qisqich va polietilen paketlar bilan "qurollangandi".
Ular uchun ajratilgan chiqindilar qidirish maydoni sezilarli darajada cheklangandi. Masalan, “sportchilar”ga shaxsiy hududga kirish taqiqlangan.
Bundan tashqari, Tokio uzoq vaqtdan beri dunyoning eng toza shaharlaridan biri hisoblanadi. Yaponlar kamdan-kam hollarda bo‘sh butilkalar, oziq-ovqat qadoqlari, sigaret qoldiqlari va boshqa keraksiz narsalarni axlat qutilaridan tashqarida qoldiradi. Shu sababli ham vazifa oson bo‘lmagan.
“Bu biroz qiyin bo‘ldi, chunki u yerda axlat ko‘p emasdi. Keyin biz chiqindilarni diqqat bilan izlashimiz, butalar ichiga qarashimiz yoki faqat yerda yotgan sigaret qoldiqlarini yig‘ish bilan shug‘ullanishimizga to‘g‘ri keldi”, deydi amerikalik Beatris Ernandes ismli ishtirokchi o‘z guruhi bilan duch kelgan qiyinchiliklari haqida gapirar ekan.
Musobaqa tugagandan so‘ng, ishtirokchilarga chiqindini turlarga ajratish uchun yigirma daqiqa vaqt ajratildi. Jamoalarga yaxshi saralash sifati va yig‘ilgan axlatda mayda buyumlar mavjudligi uchun ko‘proq ball berildi.
Musoboqada britaniyaliklar Sara Parri boshchiligidagi jamoa 57 kilogrammdan ortiq chiqindi bilan g‘olib chiqdi. Ularga kubok va medallar topshirildi. Musobaqa mezbonlari esa ikkinchi o‘rinni egalladi.
Umuman hisobda barcha ishtirokchilar tomonidan 548 kilogramm axlat yig‘ildi. Turnirning keyingi o‘tkazilish sanasi 2025 yilga rejalashtirilmoqda.
Ma’lumot uchun, chiqindilarni yig‘ish bo‘yicha musobaqalar Yaponiyada 2008 yilda boshlangan. Ular asta-sekin ommalashib, keng qamrovga ega bo‘lmoqda. Birgina joriy yilning o‘zida Yaponiya orollarida 230 ga yaqin shunday tadbirlar tashkil etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniyaning London shahrida Yevropaning birinchi ekstremal hordiq chempionati o‘tkazilgandi.
LiveBarchasi