Belgiya Ukrainaga qurol yetkazib bermoqchi
Olam
−
26 fevral 2022 8091 2 daqiqa
Belgiya Tashqi ishlar vaziri Sofi Vilmes qirollik Mudofaa vazirligidan Ukrainaga qurol-yaroq yetkazib berish masalasini ko‘rib chiqishni so‘ragan. Bu haqda Vilmes xonim kecha, 25 fevral kuni Yevropa Ittifoqi davlatlari Tashqi ishlar vazirlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish chog‘ida ma’lum qilgan.
“Biz gumanitar darajada, shuningdek, harbiy texnologiyalar darajasida Ukraina uchun ko‘proq ish qilishimiz kerak. Men Belgiya Mudofaa vazirligiga biz Ukraina uchun nima taqdim eta olishimiz haqida xabar berishni iltimos qildim. Umid qilamizki, yaqin orada ushbu iltimosimiz bo‘yicha javob olamiz”, degan Belgiya TIV rahbari.
Bundan tashqari kecha, 25 fevral kuni Chexiya Respublikasi hukumati ham o‘z hududida NATOning harbiy harakatlar olib borishiga ruhsat bergan.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr