Bashar Asadning rafiqasi leykemiya tufayli izolyatsiyaga olingan – OAV

Olam

image

Suriya sobiq prezidenti Bashar Asadning rafiqasi Asma Asadni davolayotgan shifokorlar uni boshqa odamlar bilan aloqada bo‘lmasligi uchun izolyatsiyaga olgan. Uning yashab ketish ehtimoli “50/50” deb baholanmoqda. Bu haqda “The Telegraph” nashri xabar berdi.

“Asma o‘lim yoqasida. U o‘zining ahvoli tufayli hech kim bilan bir xonada bo‘la olmaydi”, deydi nashr manbalaridan biri.

Boshqa bir manba esa oxirgi bir necha hafta ichida Asma Asadning ahvoli juda og‘ir bo‘lganini qayd etgan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Asma Asadni infeksion kasalliklar xavfi tufayli boshqa odamlar bilan aloqada bo‘lmasligi uchun alohida saqlashmoqda. Moskvada bir muddat unga uning otasi Favoz al-Axros qaragan. Biroq al-Axros ham Asmaning ahvoli tufayli og‘ir ruhiy holatga tushgan.

Nashrning yozishicha, Asma Asad Moskvaga davolanish uchun erining hokimiyati ag‘darilishidan oldinroq kelgan.

Ma’lumot uchun, 49 yoshli Asma Britaniya va Suriya fuqaroligiga ega. 2024 yilning may oyida Suriya prezidenti devoni unda o‘tkir miyeloid leykemiya (qon saratoni) aniqlanganini xabar qilgan edi. Bu kasallik suyak iligi faoliyatini zararlaydigan tajovuzkor onkologik kasallik hisoblanadi. Bungacha Asma Asad 2019 yilda ko‘krak saratonidan to‘liq davolanganini e’lon qilgan.

Asma Asad Londonda tug‘ilib o‘sgan va Britaniyada JP Morgan bankida investitsion bankir bo‘lib ishlagan. U 2000 yilda Bashar Asadga turmushga chiqqan, o‘sha yili Bashar Asad Suriya prezidenti bo‘lgan.

Turkiyaning “Haberturk” nashri joriy yilning 23 dekabrida Asma Asadning ajrashish uchun ariza berganini xabar qildi. Nashrga ko‘ra, Asma Moskvadagi hayot sharoitlaridan norozi bo‘lib, Londonga qaytishni istagan va Rossiyadan chiqib ketish uchun maxsus ruxsat so‘ragan. Biroq Kreml bu ma’lumotni rad etgan.


Maqola muallifi

Teglar

leykemiya Asma Asad

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing