Balida ichida 65 kishi bo‘lgan parom cho‘kib ketdi

Olam

image

Kecha, 2 iyul kuni Indoneziyaning Bali orollari yaqinida ichida 60 dan ortiq odami bo‘lgan KMP Tunu Pratama Jaya paromi cho‘kib ketdi. Bu haqda CNN Indonesia xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, parom Ketapang – Banyuvangi – Gilimanuk yo‘nalishida harakatlangan. U dastlabki manzildan jo‘nab ketganidan taxminan 25 daqiqa o‘tib, suv ostiga g‘arq bo‘lgan.

Indoneziya OAVlarining ma’lumotiga ko‘ra, hodisa vaqtida paromda 53 nafar yo‘lovchi va 12 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Shuningdek, u 22 ta avtomobil, 14 ta yuk mashinasini tashiyotgan edi. 

BBC nashrining yozishicha, hozirga qadar 29 nafar inson tirik holda qutqarilgan, shuningdek, to‘rt kishi halok bo‘lgani tasdiqlangan. Qolganlar bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida qolmoqda. 

Indoneziya rasmiylari halokat sababini tekshirmoqda. Parom operatorining mahalliy OAVlarga ma’lum qilishicha, parom cho‘kishidan oldin dvigatelda nosozlik kuzatilgan.

Bu yo‘nalish Indoneziyada eng band yo‘llardan biri hisoblanadi, u orqali ko‘p hollarda Yava va Bali orollari o‘rtasida harakatlanuvchi aholi safar qiladi.

“Al Jazeera”ning yozishicha, Indoneziya hukumati matbuot kotibi Prezident nomidan chiqish qilib, halokatga yomon ob-havo sabab bo‘lganini aytgan.

Nashrning qayd etishicha, dengizdagi falokatlar Indoneziyada tez-tez uchraydi, chunki mamlakat 17 mingdan ortiq oroldan iborat va xavfsizlik standartlari yetarli emas. Ko‘pincha kemalarga ortiqcha yuk yuklanadi va yetarlicha qutqaruv jihozlari bilan ta’minlanmagan bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreyaning Chongjin portida bo‘lib o‘tgan suvga tushirish marosimi chog‘ida yangi qurilgan 5 ming tonnalik esminets muvozanatini yo‘qotgandi va kema pastki qismidan shikastlangandi. Ushbu hodisalar Shimoliy Koreya rahbarining ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Indoneziya parom Bali

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing