Kimning yangi harbiy kemasi suvga tushmasdan buzildi

Olam

image

Joriy yilning 21 may kuni Shimoliy Koreyaning Chongjin portida bo‘lib o‘tgan suvga tushirish marosimi chog‘ida yangi qurilgan 5 ming tonnalik esminets muvozanatini yo‘qotdi va kema pastki qismidan shikastlandi. Bu haqda Koreya Markaziy telegraf agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, kema suvga tushirilish paytida noto‘g‘ri buyruq va ehtiyotsizlik tufayli tayanch karetkalarning harakat parallelligi buzilgan, shu sababli kemaning tashuvchi karetka qismi o‘z yo‘lidan chiqib qolgan va oqibatda kemaning poyasi buzilgan. Ba’zi joylarda teshiklar paydo bo‘lib, kema bosh qismi stapeldan tushmay qolgan. Ushbu holat marosimda qatnashgan mamlakat yetakchisi Kim Chen Inning g‘azabiga sabab bo‘lgan. U hodisaning barcha jarayonlarini kuzatgan va jiddiy baho bergan. 

“Bu tasavvurga sig‘mas, mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan jiddiy va og‘ir hodisa jinoyat bo‘lib, u faqatgina ehtiyotsizlik, mas’uliyatsizlik va ilmiy asosga ega bo‘lmagan tajriba oqibatidir”, degan mamlakat yetakchisi.

Shuningdek, Kim Chen In harbiy rasmiylar, olimlar va kemani quruvchi zavod ishchilarini mutlaq beparvolik va mas’uliyatsizlik tufayli yuzaga kelgan jiddiy falokat va jinoyatda ayblab, iyun oxirida bo‘lib o‘tadigan partiya yig‘ilishida ularning “mas’uliyatsiz xatolarini” muhokama qilishni talab qilgan.

Qayd etish joiz, Shimoliy Koreya odatda harbiy muvaffaqiyatsizliklarini tan olmaydi. Biroq kuzatuvchilarning aytishicha, kema suvga tushirishdagi muvaffaqiyatsizlikni oshkora e’lon qilinishi Kimning dengiz kuchlarini rivojlantirish dasturiga jiddiy yondashayotganidan va bu maqsadga erishishiga ishonch bildirayotganidan dalolat beradi. 

“Bu uyaladigan holat. Lekin Shimoliy Koreya voqeani oshkor qilganining sababi – uning dengiz kuchlarini zamonaviylashtirishni tezlashtirayotganini ko‘rsatish va oxir-oqibatda katta dengiz flotini yaratishiga ishonchi borligini bildirishi”, degan Seuldagi Hanyang universiteti dengiz floti mutaxassisi Mun Gin Sik.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kim Chen In Shimoliy Koreya qurolli kuchlarini urushga tayyor bo‘lishga chaqirib, keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazgandi. U Koreya Xalq Armiyasining birinchi gvardiyachi harbiy-havo diviziyasi tarkibidagi aviapolkni ko‘zdan kechirgan va Shimoliy Koreya harbiy-havo kuchlarining jangovar bo‘linmalari ishtirokida bo‘lib o‘tgan harbiy mashg‘ulotlarga rahbarlik qilgan.

Jaloliddin Rahmonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Shimoliy Koreya kema Chongjin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing