Baku Isroil Prezidentining Turkiya uzra “yashirin” parvoziga izoh berdi
Olam
−
16 Oktyabr 10319 2 daqiqa
Isroil Prezidenti Isxak Gersogning Ozarbayjonga tashrifi munosabati bilan Turkiyada tarqatilayotgan “ayrim iddaolar” hech qanday asosga ega emas va vaziyat juda oddiy. Bu haqda o‘z ma’lumotlariga tayanib, hukumatga yaqin APA axborot agentligi xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Isroil Prezidenti, uning yordamchisi va kichik delegatsiya Ozarbayjonga Baku – Tel-Aviv – Baku yo‘nalishi bo‘yicha tijoriy reys orqali borgan. Ular boshqa yo‘lovchilar kabi chipta sotib olib, samolyotda parvozni amalga oshirgan.
Shu tariqa, Isroil Prezidentining Ozarbayjonga tashrifi uchun maxsus samolyot yoki biror bir noodatiy reys tashkil etilmagan. U Ozarbayjonga tijoriy reys yo‘lovchisi sifatida borgan.
“Biroq Turkiyada har safar Ozarbayjonga e’tiroz bildirish va uni “tekshiruvdan o‘tkazish” uchun bahona qidiradiganlar ushbu holatni ham manipulyatsiya predmetiga aylantirishdi. Vaholanki, agar tijoriy reyslarda sayohat qiluvchi shaxslarga nisbatan xuddi shunday yondashuv qo‘llaniladigan bo‘lsa, Turkish Airlines, Pegasus Airlines, AJet va boshqa aviakompaniyalar reyslaridan foydalanuvchi yo‘lovchilarni ham tekshirish zarurati tug‘iladi”, deyiladi xabarda.
APA’ning yozishicha, Isroil Prezidentining tijoriy reysga sotib olingan chipta orqali Ozarbayjonga safari oddiy yo‘lovchi parvozini tashkil etadi. Uning Bakuga qaysi reysda va qanday tartibda borgani bo‘yicha asossiz chaqiriqlar mantiqiy asosga ega emas.
“Turkiya va Isroil o‘rtasida turli sohalarda mavjud aloqalarni hisobga olgan holda, Isroil Prezidentining tijoriy reysda Ozarbayjonga kelishini alohida muhokama mavzusiga aylantirish noto‘g‘ri yondashuvdir”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 oktyabr kuni Isxak Gersog Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning yettinchi sammitida ishtirok etish uchun Bakuga borgani va uning Ozarbayjon havo yo‘llariga (AZAL) tegishli muntazam yo‘lovchi samolyoti orqali Turkiya havo hududini kesib o‘tgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu voqea Turkiya OAV e’tiboriga sabab bo‘ldi. Chunki Turkiya Isroilning hukumat va harbiy samolyotlari uchun o‘z havo hududini 2024 yilda rasman yopgan. Bunga G‘azo sektoridagi urush va gumanitar inqiroz sabab bo‘lgan. Cheklov, birinchi navbatda, Isroilning davlat rahbarlari, hukumat a’zolari (masalan, “Knaf-Sion” / “Sion qanoti” nomli rasmiy samolyot) va harbiy aviatsiyasi uchun amal qiladi.
Live
Barchasi