BAAda o‘limga hukm qilingan o‘zbekistonliklarga yordam bergan shaxs ham jazolandi
Olam
−
01 aprel
17840Abu-Dabi federal apellyatsiya sudi Davlat xavfsizlik palatasi Moldova-Isroil fuqarosi Svi Koganni o‘g‘irlash va o‘ldirishda ayblangan uch nafar O‘zbekiston fuqarosiga o‘lim jazosi, to‘rtinchi sudlanuvchiga esa umrbod qamoq jazosini tayinladi. Bu haqda kecha, 31 mart kuni Birlashgan arab Amirliklarining WAM agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bosh prokuror doktor Hamad Saif Al Shamsi Davlat xavfsizlik prokuraturasi tomonidan olib borilgan tergovlardan so‘ng, sudlanuvchilar jabrlanuvchini kuzatib, o‘ldirganini aniqlagan va 2025 yil yanvar oyida to‘rt nafar ayblanuvchini tezda sudga olib kelishni buyurgan. Bildirilishicha, Davlat xavfsizlik prokuraturasi tomonidan sudga taqdim etilgan dalillar sudlanuvchilarning qotillik va odam o‘g‘irlash jinoyatlarini batafsil tan olishlari, sud-tibbiy ekspertiza xulosalari, o‘limdan keyingi ekspertiza xulosalari, jinoyatda qo‘llanilgan asboblar tafsilotlari va guvohlarning ko‘rsatmalaridan iborat.
“Sud bir ovozdan qotillik va odam o‘g‘irlashni amalga oshirgan uch ayblanuvchini o‘limga hukm qildi, ularga yordam bergan sherigi esa umrbod qamoq jazosini oldi, u jazoni o‘tab bo‘lgach, mamlakatdan deportatsiya qilinadi”, deyiladi xabarda.
Birlashgan Arab Amirliklari qonunchiligiga ko‘ra, o‘lim jazosi hukmlari avtomatik ravishda apellyatsiya qilinadi va ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun Federal Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘limiga yuboriladi.
Bosh prokurorning ta’kidlashicha, hukm Birlashgan Arab Amirliklarining terrorizmga qarshi kurashda adolatning eng yuqori standartlari va qonun ustuvorligi hamda adolatli sudlov kafolatlarini ta’minlash borasidagi sodiq majburiyatini aks ettiradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, BAA sud tizimi milliy xavfsizlik va barqarorlikka putur yetkazishga qaratilgan har qanday urinishlarga qat’iy qarshi turadi.
Bundan tashqari, Bosh prokurorning qo‘shimcha qilishicha, Birlashgan Arab Amirliklari birgalikda yashash va bag‘rikenglikning global modeli bo‘lib, uning qonunlari diniy va etnik mansubligidan qat’i nazar, barcha aholini himoya qiladi, ularning xavfsizligini ta’minlaydi.
Ma’lumot uchun, ravvinning o‘limida ayblanib, qo‘lga olingan o‘zbekistonliklar 28 yoshli Olimboy Tohirovich va Mahmudjon Abdulrahim hamda 33 yoshli Azizbek Komilovich ekani aytilgan edi. Biroq ularga yordam berishda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan 4-sudlanuvchining shaxsi va fuqaroligi ochiqlanmagan.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi QALAMPIR.UZ'ga BAAda o‘zbekistonliklar o‘limga hukm qilinganini tasdiqladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyida O‘zbekistonning Dubaydagi bosh konsulxonasi hamda Abu-Dabidagi elchixonasi Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vazirligi va boshqa mutasaddi idoralari bilan doimiy aloqada bo‘lib, mazkur masala yuzasidan oydinlik kiritish maqsadida tegishli ishlar olib borayotganini bildirgan edi. Biroq sud hukmidan so‘ng O‘zbekiston tomonidan biror rasmiy munosabat bo‘lmadi.
LiveBarchasi
Trenddagilar



