“Asr o‘g‘riligi”. Luvrni tunab ketganlar chet ellik bo‘lishi mumkin
Olam
−
20 Oktabr 2025 7102 2 daqiqa
19 oktyabr kuni Fransiyaning mashhur Luvr muzeyida yirik o‘g‘irlik sodir bo‘lgandi. Jinoyatni juda tajribali jamoa sodir etgan. Ular chet ellik bo‘lishi ham mumkin. Bu haqda Fransiya Ichki ishlar vaziri Loran Nunes ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, politsiya sakkizta eksponatni o‘g‘irlab, skuterlarda qochib ketgan to‘rt o‘g‘rini qidirmoqda. Prokuratura va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tergov muvaffaqiyatli yakunlanishiga ishonmoqda.
Ichki ishlar vazirining aytishicha, to‘rt erkak Luvrning Apollon galereyasida joylashtirilgan qimmatbaho taqinchoqlarni o‘g‘irlash uchun oldindan harakat qilgan. Ular yuzlarini berkituvchi niqob kiygan bo‘lib, tezkor skuterlarda jinoyat sodir etilgan joyni tark etgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jinoyatchilar yuk ko‘taruvchi lift orqali derazani sindirib, to‘g‘ridan to‘g‘ri Apollon galereyasining birinchi qavatdagi zarur bo‘limiga kirgan. Vazirning ta’kidlashicha, butun operatsiya taxminan yetti daqiqa davom etgan.
BFM telekanali jinoyatchilardan biri sariq kiyimda shishali vitrinalardan birini buzayotgani aks etgan videoni e’lon qildi. Ushbu kiyim va skuterlarning biri keyinchalik politsiya tomonidan topilgan.
O‘g‘rilar Napoleon va Jozefina kolleksiyasidan sakkizta buyumni – marjon, brosh va diademani o‘g‘irlagan. To‘qqizinchi eksponat – qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan toj voqea joyidan topilgan. Parij Bosh prokurori muzey yaqin kunlarda o‘g‘irlangan buyumlarni qaytarib olishiga shubha yo‘qligini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ish ustida 60 ga yaqin tergovchi ishlamoqda.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Luvrning talon-toroj qilinishini “qadrlaydigan merosga hujum” deb atagan.
“Biz eksponatlarni qaytaramiz va jinoyatchilar javobgarlikka tortiladi. Bu borada Parij prokuraturasi rahbarligida barcha choralar ko‘rilmoqda”, degan prokuror.
Ekspertlar bu hodisani “so‘nggi yillarda Yevropadagi eng katta san’at o‘g‘riligi”, “San’atdagi asr o‘g‘riligi” deya baholamoqda.
Ma’lumot uchun, Luvr – dunyodagi eng mashhur muzey bo‘lib, har yili 9 milliondan ortiq tashrif buyuruvchini qabul qiladi.
Apollon galereyasida muzeyning eng qimmatli tarixiy kolleksiyalari saqlanadi. U 2020 yil 15 yanvar kuni ekspozitsiya qayta tashkil qilingach, qayta ochilgan edi.
Live
Barchasi