Argentina Prezidenti televideniye orqali xalqiga murojaat qildi
Olam
−
08:57 2705 2 daqiqa
Argentina Prezidenti Xaver Miley Folklend orollari atrofida neft qazib olish loyihalarida ishtirok etayotgan kompaniyalarga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish, mamlakat janubida mudofaa salohiyatini oshirish va milliy suverenitetni himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasini Kongressga kiritishini ma’lum qildi. Bu haqda u davlat televideniyesi orqali murojaatida so‘z ochdi.
Miley murojaatida Argentina hukumati orollar atrofida neft va gaz qazib olish loyihalarida ishtirok etayotgan kompaniyalarga nisbatan amaldagi qonunchilik asosida jazo choralarini tezlashtirish bo‘yicha farmon imzolashini aytgan.
Uning ta’kidlashicha, sanksiyalar nafaqat loyihalarda bevosita ishtirok etayotgan kompaniyalarga, balki ularning aksiyadorlari, direktorlari va yetkazib beruvchilariga ham tatbiq etiladi. Argentina hududida orollardagi loyihalarda Argentina ruxsatisiz bevosita yoki bilvosita ishtirok etuvchi kompaniyalarga faoliyat yuritish taqiqlanishi bildirilgan.
Miley, shuningdek, mamlakat janubida mudofaa resurslarini kengaytirish bo‘yicha favqulodda farmon chiqarilishini ma’lum qilgan. Bu mablag‘lar Terra-del-Fuego viloyatida harbiy-dengiz bazasi qurish va telekommunikatsiya imkoniyatlarini kuchaytirishga yo‘naltiriladi.
Argentina Prezidenti Kongressga milliy suverenitetni himoya qilish” to‘g‘risida shoshilinch qonun loyihasini ham taqdim etishini aytgan. Hujjat orollar atrofida ruxsatsiz faoliyat uchun jazolarni kuchaytirish, sanksiyalarni yetkazib beruvchilarga ham tatbiq etish va Argentina tabiiy resurslariga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa faoliyat turlarini qamrab olishni nazarda tutadi.
Mileyning aytishicha, Argentina Navitas Petroleum va Rokxopper Eksploreyshn kompaniyalari amalga oshirayotgan Sea Lion dengizdagi loyihasi yaqin oylarda neft qazib olishni boshlashi mumkinligini aniqlagan. Prezident ushbu loyihani Argentina manfaatlari uchun “jiddiy tahdid” deb baholagan.
Mileyning so‘nggi bayonotlari uning Folklend orollari masalasida pozitsiyasi keskinlashayotganini ko‘rsatmoqda. U avvalroq Buyuk Britaniya bilan munosabatlarni yaxshilashga harakat qilgan holda, orollar bo‘yicha bahsni diplomatik yo‘l bilan hal qilish tarafdori ekanini bildirgan edi.
Ma’lumot uchun, Folklend orollari Argentina materigidan taxminan 500 kilometr sharqda joylashgan bo‘lib, hozir Buyuk Britaniya nazorati ostida. Argentina orollarga nisbatan hududiy da’volarini saqlab kelmoqda. Ikki davlat 1982 yilda orollar ustidan qisqa muddatli urush olib borgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Argentina Prezidenti Xaver Miley 2026 yilgi Jahon chempionati davomida mamlakat milliy terma jamoasiga nisbatan bildirilgan tanqidlar bir nechta davlatlar tomonidan muvofiqlashtirilgan kampaniyaning bir qismi bo‘lganini da’vo qilgandi.
Live
Barchasi