Andijonda terrorchilarga qo‘shilmoqchi bo‘lgan bir guruh sinfdoshlar ushlandi
3-sahifa
−
10 Oktabr 2025 6956 2 daqiqa
Andijon viloyatida “shahidlik” va “jihod” qilish masalasida suhbatlar tashkil etgan 18 yoshli shaxslar ushlandi. Bu haqda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Bildirilishicha, Shahrixon tumani, Segiza mahallasida yashovchi 2007 yilda tug‘ilgan shaxs ijtimoiy tarmoqlarga kirishi va turli O‘zbekistonda taqiqlangan saytlardagi materiallar bilan tanishishi oqibatida diniy qarashlari o‘zgarib, Suriya va boshqa notinch davlatlardagi xalqaro terrorchilik tashkilotlarining media markazi yollovchilari ta’siriga tushib qolgan. U Instagram ijtimoiy tarmog‘i va Telegram’da “Ahli sunna editlar” guruhini yaratgan va “Abu Bakr” taxallusi bilan faoliyat yuritgan.
Mazkur guruhga 8 nafar o‘zi bilan tengdosh bo‘lgan, Shahrixon tumanidagi maktabda birga tahsil oladigan sinfdoshlarini qo‘shib, ular bilan shahidlik, jihod qilish masalasida suhbatlar olib borgan hamda o‘zlariga diniy taxalluslar ham qo‘ygan. Ular bugungi kunda notinch bo‘lgan chet davlatlarga chiqib ketishni rejalashtirgan.
Andijon viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda olib borilgan tadbirlar natijasida mazkur jamoa faoliyatiga chek qo‘yilib, guruh a’zolarining terrorchilik harakatlari sodir etilayotgan xorijiy davlatlarga chiqib ketishining oldi olingan.
“Instagram orqali taqiqlangan videolarni, jihodga chaqiruvchi videolarni ko‘rardim. Men guruh ochganman – “Ahli sunna editlar” va u yerga sinfdoshlarimni qo‘shganman, ikki-uch nafarini. U yerga taqiqlangan jihod, ana shu janjallar to‘g‘risidagi videolarni tashlardim. O‘sha kanal orqali biz jihod videolarini ko‘rib, Suriyaga chiqib ketmoqchi bo‘lganmiz sheriklarim bilan. Jihodga... Bu yo‘l xato ekan, shunday ish qilganimdan afsusdaman”, deydi fuqarolardan biri.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244¹-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) uchinchi qismi “G” bandi hamda 244²-moddasi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) ikkinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatida 20 dan ortiq ekstremistik g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan shaxslar ushlangandi.
Live
Barchasi