Surxondaryoda terroristik tashkilot ta’siriga tushib qolganlar ushlandi (video)
3-sahifa
−
11 Sentabr 8641 2 daqiqa
Surxondaryo viloyatida 20 dan ortiq ekstremistik g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi qaroriga binoan terrorchilik tashkiloti deb tan olingan va O‘zbekistonda faoliyati ta’qiqlangan “Tavhid va jihod katibasi” tarafdorlaridan iborat noqonuniy guruh faoliyatiga chek qo‘yilgan.
Ma’lum qilinishicha, guruh a’zolari orasida muqaddam ekstremistik g‘oyalar bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun 2021 yilda yengillik qo‘llanilib, shartli ravishda ozodlikka chiqarilgan shaxslar ham bo‘lgan.
2024 yilda tuzilgan mazkur guruh viloyatning tog‘oldi hududlarida hordiq chiqarish niqobi ostida o‘tkazilgan diniy yig‘inlarda terrorchilik tashkilotlari rahnamolarining ma’ruzalarini tinglab, Suriyaga borib jangarilar safida “jihod” qilish va o‘zlarini portlatish yo‘li bilan “shahid” bo‘lish masalalarini muhokama qilgan.
Shuningdek, ular ijtimoiy tarmoqlar orqali “Tavhid va jihod katibasi” yollovchilari bilan aloqa o‘rnatib, yuborilgan elektron yo‘riqnomalar yordamida qo‘lbola portlovchi qurilmalar va zaharlovchi moddalar tayyorlash usullarini o‘rgangan. Bu bilimlardan keyinchalik qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirish uchun foydalanish rejalashtirilgan. Shu maqsadda Telegram messenjerida yopiq guruh tuzilib, xorijdagi jangarilar ko‘magida nazariy bilimlar o‘zlashtirilgan.
Ta’kidlanishicha, jinoiy guruhning to‘rt a’zosi targ‘ibotlar ta’sirida Suriyaga borib, jangarilar safiga qo‘shilgan. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, rasmiy qidiruv e’lon qilingan.
Sud jarayonida guruhning 20 nafar faol a’zosi aybli deb topilgan. Ular Jinoyat kodeksining 155 (terrorizm), 155-2, 155-3, 159 (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 244-1 va 244-2-moddalari asosida qilmishlariga yarasha 6 yildan 13 yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan.
Guruhning qolgan a’zolariga esa insonparvarlik prinsiplariga asoslanib yengillik qilingan va kechirimlilik siyosati qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatida terroristik tashkilot g‘oyalari ta’siriga tushgan 21 nafar shaxs qo‘lga olingandi.