“Amerikalik asirlarni ozod qilish, ayollar huquqlarini tiklash”: AQSH “Tolibon”ga shartlarini aytdi 

Olam

image

AQSH va Afg‘onistondagi “Tolibon” harakati vakillari Qatar poytaxti Doxada ikki kunlik muzokaralar uchun yig‘ildi. Yig‘ilishning birinchi raundi yakunlanganidan so‘ng Vashington “Tolibon” bilan iqtisodiy barqarorlik va narkotik moddalar savdosiga qarshi kurash bo‘yicha keyingi texnik muzokaralar uchun ochiq ekanini bildirdi. Bu haqda bugun, 1 avgust kuni AQSH Davlat departamenti xabar berdi.

Davlat departamenti Afg‘onistondagi moliyaviy ahvol yaxshilangani, jumladan, inflyatsiya darajasining pasayishi, shuningdek, 2022 yilga qadar taqiq doirasida ko‘knori yetishtirish kamaytirilganini olqishlagan va giyohvandlikka qarshi kurashishda hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini aytgan.

Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistonda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat yomonlashayotganidan xavotirdaligini bildirgan va “Tolibon”ni qizlarning ta’lim olish taqiqini bekor qilish, ayollarning ishlashiga ruxsat berish va hibsga olingan amerikaliklarni ozod qilishga chaqirgan.

“Tolibon” harakati vakillari bilan muzokaralar o‘tkazgan AQSHning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tomas Uest uchrashuvlarda “Afg‘onistondagi asosiy manfaatlar” muhokama qilinganini aytgan.

“Biz mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat, inson huquqlari, gumanitar ehtiyojlar, xavfsizlik majburiyatlari, inklyuzivlik va giyohvand moddalarni nazorat qilish masalalarini muhokama qildik”, deydi AQSH maxsus vakili.

Shuning barobarida, “Tolibon” o‘z yetakchilariga qo‘yilgan taqiqlarni olib tashlash hamda Afg‘oniston markaziy bankining xorijiy aktivlarini qaytarishga chaqirgan. 

“Afg‘oniston Islom Amirligi yetakchilariga qo‘yilgan taqiqning bekor qilinishi va Markaziy bank zaxiralarining qaytarilishi afg‘onlar o‘z iqtisodiyotini tashqi yordamga qaram bo‘lmasdan rivojlantira olishi uchun ishonchni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini yana bir bor ta’kidladi”, deyiladi “Tolibon” Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Ma’lumot uchun, Afg‘onistonning bank sektori “Tolibon” hokimiyatga qaytganidan so‘ng sanksiyalar ostida qolgan. Afg‘oniston Markaziy bankining 7 milliard dollar miqdoridagi xorijiy aktivlari Nyu-Yorkdagi Federal zaxira bankida muzlatib qo‘yilgan. Hozir bu mablag‘larning yarmi shtab-kvartirasi Shveysariyada joylashgan Afg‘oniston jamg‘armasida saqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSHning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tomas Uest hamda Afg‘onistondagi ayollar huquqi bo‘yicha vakili Rina Amiri Ostonada Markaziy Osiyo davlatlari bilan Afg‘oniston bo‘yicha sessiya o‘tkazgandi. Unda O‘zbekiston tomonidan Prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev qatnashgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston AQSh Tolibon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing