Aliyev Qorabog‘ni tiklashda ilk sovg‘ani O‘zbekiston berganini aytdi (video)
Olam
−
21 iyul 7398 3 daqiqa
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Tog‘li Qorabog‘ni tiklash uchun ilk sovg‘ani O‘zbekiston berganini aytdi. Bu haqda u Xonkendi shahrida joriy yilning 19 iyul kuni o‘tkazilgan Shusha xalqaro media-forumida ma’lum qildi.
Forumda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja tomonidan berilgan savollarga javob qaytarar ekan, Aliyev shunday deydi:
“O‘zbekistonlik birodarlarimizning ko‘magi biz uchun hamisha qadrli bo‘lgan. Ma’lumki, Qorabog‘ni tiklash uchun birinchi sovg‘a O‘zbekiston tomonidan qilingan. Prezident Shavkat Miromonovich tashabbusi bilan Fuzuliy shahrida o‘zbek xalqining buyuk farzandi Mirzo Ulug‘bek nomi bilan atalgan 960 o‘rinli maktab qurildi. Biz buni juda qadrlaymiz, bu O‘zbekiston Prezidentining samimiy birodarlik ishorasi, Ozarbayjonga hududlarni tiklashda ko‘rsatgan yordami edi”.
Ozarbayjon yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, u 2 kun oldin ham Fuzuliyga borgan. Davlat rahbari ayni paytda u yerda 500 dan ortiq o‘quvchi tahsil olayotganini aytdi.
“Men bir necha kun oldin yana Fuzuliyda bo‘ldim, u yerda 500 dan ortiq bola o‘qiydi. Sobiq qochqinlarni Fuzuliyga qaytarish jarayoni hali boshlang‘ich bosqichda ekaniga qaramay, u yerda ancha bola tahsil olmoqda”, deydi u.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston yetakchisi 2021 yilning 31 mart kuni bo‘lib o‘tgan Turkiy kengashning norasmiy sammitida O‘zbekiston Qorabog‘ zaminidagi yodgorliklar, madaniyat va ma’rifat maskanlarini qayta tiklashga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor ekanini ta’kidlagan edi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston 30 yil deganda Armaniston ishg‘oli ostidan Ozarbayjonga o‘tgan Qorabog‘da tuhfa sifatida maktab quradigan bo‘ldi. 2023 yilning 23 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev Qorabog‘dagi Mirzo Ulug‘bek maktabini ochib berdi. Ushbu maktabda 40 ta sinfxona, 6 ta laboratoriya, 2 ta informatika xonasi, 5 ta funsional o‘quv xonasi, majlislar va sport zallari, oshxona, kutubxona mavjud. Futbol maydoni, dam olish va tadbirlar o‘tkazish uchun joylar, yugurish yo‘laklari tashkil qilingan.
Maktab ochilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev Fuzuliyda hayot barqaror holatga qaytayotganidan mamnunligini bildirgan, Ilhom Aliyev rahbarligida Qorabog‘ni qayta tiklash va rivojlantirish, aholining farovon turmushi uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini yuksak baholagan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 19 iyul kuni Xonkendida bo‘lib o‘tgan uchinchi Shusha xalqaro media-forumida so‘zlagan nutqida Prezident Ilhom Aliyev Ozarbayjon 2024 yilning dekabrida Qozog‘istonda halokatga uchragan Ozarbayjon havo yo‘llarining (AZAL) Embraer 190 samolyoti halokati bilan bog‘liq holda Rossiyaga qarshi xalqaro sudlarga taqdim etish uchun hujjatlarni tayyorlayotganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, Aliyev Ukraina yaxlitligini tiklash bo‘yicha bir qator tavsiyalar berib, Rossiyaning Ukrainani bosib olishiga hech qachon rozi bo‘lmaslikka chaqirdi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr