AQSHda Bayden va Obamani o‘ldirmoqchi bo‘lgan erkak ushlandi
Olam
−
30 dekabr 2021 7339 2 daqiqa
AQSH hukumati Ayova shtatida Amerika Prezidenti Jo Bayden va sobiq Prezident Barak Obamani, shuningdek Facebook (hozirgi Meta) asoschisi Mark Sukerbergni o‘ldirmoqchi bo‘lgan qurollangan shaxsni hibsga oldi. Bu haqda NBC xabar bermoqda.
Rasmiylarga ko‘ra, Kaliforniyadagi supermarket ishchisi 25 yoshli Kuachua Brillion Xiong bugun, 30 dekabr kuni hibsga olindi va hozir qamoqda. Politsiya xodimlari erkakning mashinasidan AR-15 miltig‘i, o‘q-dorilar, zirhlar va birinchi tibbiy yordam qutisini topgan.
Rasmiylarga ko‘ra, Xiong “hokimiyatdagi odamlarni o‘ldirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oq uyga borish niyatida” 18 dekabr kuni o‘z uyini tark etgan.
Erkak tergovchilarga “o‘ldirmoqchi bo‘lgan yovuz odamlarning” ro‘yxatini o‘zi tuzganini aytgan. Ro‘yxatda Bayden, Obama va Sukerbergdan tashqari AQSHning yuqumli kasalliklar bo‘yicha bosh mutaxassisi Entoni Fauchining ham ismi bor.
Ta’kidlanishicha, Xiong telefonida xarita ilovasidan foydalangan va boradigan manzil sifatida Oq uyni tanlagan. Erkak tergovchilarga Oq uy hududi chizmasini, shu jumladan “hujumga tayyorgarlik paytida aniqlangan zaif joy”ni ko‘rsatgan.
“U agar hibsdan ozod qilinsa, darhol Oq uyga borishini qo‘shimcha qildi va u rejani amalga oshirish uchun qo‘lidan kelganini qilmoqchi. Xiong Kaliforniyaga qaytish niyati yo‘qligini aytdi”, deyiladi sud hujjatida.
Shuningdek, rasmiylar bu odamni AQSHning sobiq Prezidentiga tahdid qilganlikda ayblagan.
Live
Barchasi