AQSH xorijliklarga Claude’ning eng kuchli modellaridan foydalanishni taqiqladi

Texnologiya

image

AQSH hukumati Anthropic kompaniyasi zimmasiga o‘z xorijiy foydalanuvchilari uchun Claude’ning eng kuchli SI modellaridan foydalanishni yopish majburiyatini yukladi. Kompaniya Qo‘shma Shtatlar ichidagi va tashqaridagi barcha foydalanuvchilar, jumladan, Anthropic’ning xorijlik xodimlari uchun ham ushbu imkoniyatni cheklab qo‘ydi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

“Mazkur farmoyish natijasida biz talablar ijrosini ta’minlash maqsadida barcha mijozlarimiz uchun Fable 5 va Mythos 5 modellaridan foydalanishni to‘satdan o‘chirib qo‘yishga majbur bo‘ldik”, deyiladi kompaniya bayonotida.

Mamlakat rasmiylari xavfsizlik organlarining talablarini vaj qilib ko‘rsatgan, biroq farmoyishda ehtimoliy tahdidlar haqida aniq tafsilotlar berilmagan. Anthropic ma’lumotlariga ko‘ra, hukumat Fable 5 modelini buzib kirish usulidan xabar topgan. Kompaniya ushbu konkret buzib kirish usulini o‘rganib chiqib, kichik zaifliklarni aniqlagan, biroq bunday kamchiliklar boshqa ommaviy modellarda ham mavjudligini ta’kidlagan.

“Fable modeli ishga tushirilishidan oldingi bir necha hafta davomida Anthropic kompaniyasi AQSH hukumati, Buyuk Britaniyaning AISI instituti, ko‘plab xususiy uchinchi tomon tashkilotlari va ichki jamoalar bilan hamkorlikda ishlab, Fable xavfsizlik tizimlarini tekshirish uchun umumiy hisobda minglab soat vaqt sarfladi. Ushbu testlar Fable himoya tizimlari ilgari foydalanilgan har qanday modelnikidan sezilarli darajada samaraliroq ekanligini ko‘rsatdi. Bizning taxminimizcha, hozirgi vaqtda birorta ham model yaratuvchisi uchun jeylbreykdan (himoyani aylanib o‘tishdan) mukammal himoyalanishning imkoni yo‘q”, deb qayd etgan Anthropic.

Kompaniya hukumat talabini bajargan, biroq potensial zaiflikning aniqlanishi yuz millionlab odamlar uchun taqdim etilgan tijorat modelini chaqirib olishga asos deb topilganiga o‘z noroziligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy rasmiylari Pekin tomonidan mamlakat uchun strategik jihatdan muhim deb hisoblanadigan mutaxassislarning chet elga chiqishini taqiqlash amaliyotini xususiy kompaniyalarga ham tatbiq eta boshlagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing