Xitoy razvedka va kiberhujum tizimlarini yaratishda OpenAI’dan foydalandi – OAV

Olam

image

Xitoy armiyasi bilan bog‘liq tadqiqotchilar va ishlab chiquvchilar razvedka, kuzatuv, kiberurush, nishonlarni aniqlash va dronlarni boshqarishga mo‘ljallangan o‘z tizimlarini o‘qitish uchun sun’iy intellekt (SI) sohasidagi AQSHning OpenAI va Anthropic kompaniyalari modellari javoblaridan foydalandi. Bu haqda “Reuters” Xitoyning 80 dan ortiq ilmiy ishlari va patentlarini o‘rganib chiqib xabar berdi.

Qayd etilishicha, tadqiqotchilar “modellarni distillyatsiya qilish” deb atalaluvchi usulni qo‘llagan. Bunda qudratli SI-tizimining javoblaridan nisbatan ixcham, ixtisoslashtirilgan modelni o‘qitish uchun foydalaniladi. Bunday yondashuv modelni, jumladan, harbiy texnikada, ilg‘or modellarni noldan yaratish uchun talab qilinadigan yirik hisoblash resurslarisiz mahalliy tarzda ishga tushirish imkonini beradi.

Ishlardan birida Xitoy armiyasining harbiy razvedka va kiberurush bilan bog‘liq № 96941-sonli bo‘linmasi xodimlari mahfiy dasturiy kodga ishlov berish uchun GPT-3.5’dan foydalanishni tavsiflagan. Uchinchi tomon modellari maxfiy ma’lumotlar bilan ishlash uchun mos kelmagani sababli, tadqiqotchilar GPT-3.5 ga kodning qisqacha tavsifini tuzishni topshirgan, so‘ngra ushbu ma’lumotlar asosida yopiq harbiy tarmoqlar ichida ishga tushirish mumkin bo‘lgan Xitoy modelini o‘qitgan.

Xitoy Milliy mudofaa texnologiyalari universiteti tadqiqotchilari ham tasvirlarga ishlov berish modelini kichraytirish va uni dronlarga o‘rnatish uchun distillyatsiya usulidan foydalangan. Tizim real vaqt rejimida videoni tahlil qilishi, navigatsiyaga yordam berishi va aloqa uzilgan taqdirda ham nishonlarni aniqlay olishi mumkin. Boshqa bir tadqiqotda Xitoy Harbiy fanlar akademiyasi dronlar, kemalar va uchuvchisiz suvosti kemalari ishtirokidagi dengiz operatsiyasi simulyatsiyasi paytida taktik uskunalarda nishonni aniqlash tizimini ishga tushirish uchun ushbu usulni qo‘llagan.

Mudofaa sanoati bilan bog‘liq bo‘lgan Shimoliy Xitoy universitetida tadqiqotchilar sun’iy ma’lumotlar yaratish uchun Anthropic kompaniyasining Claude 3 Haiku modelidan foydalangan. Bu ma’lumotlar asosida ijtimoiy tarmoqlarni monitoring qilish va kontentni moderatsiya qilish uchun matnlarni tasniflash tizimi o‘qitilgan.

Anthropic kompaniyasi “Reuters”ga Xitoydagi yoki Pekin nazorati ostidagi tashkilotlarga Claude’dan tijoriy foydalanish imkonini bermasligini va qoidabuzarliklarni aniqlash tizimlarini qo‘llashini ma’lum qilgan. Kompaniya distillyatsiya jarayonida ixcham modellar o‘ziga o‘rnatilgan xavfsizlik cheklovlarini yo‘qotishi mumkinligidan ogohlantirgan. OpenAI, Oq uy, Pentagon, Xitoy TIV va Xitoy armiyasi nashr so‘rovlariga javob bermagan.

Distillyatsiyaning o‘zi SI sanoatida keng qo‘llaniladi. AQSH va Xitoy o‘rtasidagi bahs Amerika modellari imkoniyatlarini ruxsatsiz ajratib olish ehtimoli bilan bog‘liq. Vashington ayrim Xitoy tashkilotlarini texnologik cheklovlarni aylanib o‘tish va intellektual mulk huquqlarini buzish uchun ushbu usuldan foydalanayotganlikda ayblamoqda. Xitoy bu ayblovlarni rad etadi va AQSH sun’iy intellekt sohasida “gegemonlikka” intilayotganini ta’kidlaydi.

Shu bilan birga, distillyatsiya ilg‘or modelning imkoniyatlarini to‘liq takrorlashga imkon bermaydi va uni noldan ishlab chiqish uchun zarur bo‘lgan hisoblash quvvatlarining o‘rnini bosa olmaydi. U faqat alohida funksiyalarni arzonroq va nazorat qilinadigan mahalliy tizimga o‘tkazish imkonini beradi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH hukumati Anthropic kompaniyasi zimmasiga o‘z xorijiy foydalanuvchilari uchun Claude’ning eng kuchli SI modellaridan foydalanishni yopish majburiyatini yuklagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing