AQSH qurollari avval Yevropaga yetkaziladi – Ryutte
Olam
−
15 iyul 3638 2 daqiqa
NATO Bosh kotibi Mark Ryutte Ukraina uchun yetkazilishi kerak bo‘lgan AQSH qurollari avval Yevropaga jo‘natilishini aytdi. Bu haqda Bosh kotib “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Ryuttening so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga mo‘ljallangan Amerika qurollari avvalo Yevropaga yuboriladi, so‘ngra tegishli tartibda Kiyevga topshiriladi.
“Bu – kim to‘layotgani masalasi. Bu qurollar uchun xarajatlarni yevropaliklar zimmasiga oldi”, deya alohida ta’kidlab o‘tgan NATO Bosh kotibi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, NATOning logistika bo‘yicha tajribasi tufayli qurol yetkazib berish eng samarali tarzda yo‘lga qo‘yiladi. Qurol-yarog‘ jangovar holatda foydalanishga tayyor ko‘rinishda jo‘natiladi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 14 iyul kuni AQSH rahbari Donald Tramp o‘zining Ukrainadagi mojaro bo‘yicha va’dalangan bayonotini berdi. U Ukraina armiyasiga qurol yetkazib berishni Yevropa ittifoqchilari hisobidan boshlashini ma’lum qildi va agar 50 kun ichida urush to‘xtatilmasa, Rossiya hamda uning savdo sheriklariga nisbatan 100 foiz boj joriy etishini va’da qildi. Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas esa AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya yetakchisi Vladimir Putinga Ukraina bo‘yicha tinchlik bitimini tuzish uchun bergan 50 kun juda uzoqligi haqida gapirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Putin va Donald Trampning yaqinda bo‘lib o‘tgan suhbati tafsilotlariga tayanib, “Axios” nashri Rossiya yaqin ikki oy ichida Ukrainadagi hujumlarini kuchaytirish niyatida ekanligi haqida yozgandi.
Live
Barchasi