AQSH Mahmud Abbos va Falastin rasmiylarining vizasini bekor qildi

Olam

image

AQSH ma’muriyati joriy yilning sentyabr oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ishtirok etish uchun borgan Falastin ozodlik tashkiloti va Falastin ma’muriyati vakillari uchun vizani bekor qildi. Bu haqda Qo‘shma Shtatlar Davlat departamenti xabar berdi.

Vashingtonning viza cheklovlari haqidagi qarori 80 nafar Falastin rasmiysiga, jumladan Falastin Prezidenti Mahmud Abbosga ham ta’sir qildi. AQSH Davlat departamenti Falastin ozodlik tashkiloti (FLO) va Falastin ma’muriyati vakillari uchun vizani bekor qilishini e’lon qilganidan keyin bu masala kun tartibida qolmoqda. Faqat Falastinning BMTdagi missiyasi a’zolari uchun istisno qilingan. Abbos BMT Bosh Assambleyasida chiqish qilishi kutilgan edi. Bundan tashqari, BMT sessiyasi davomida Kanada, Buyuk Britaniya, Fransiya va Avstraliya kabi qator G‘arb davlatlari Falastin davlatini tan olganini rasman e’lon qilish niyatida.

Davlat departamentining ta’kidlashicha, viza cheklovlari Falastin rasmiylarini “o‘z majburiyatlarini bajarmagani va tinchlik istiqbollariga putur yetkazgani sababli javobgarlikka tortish” uchun qilingan. Oq uyning qo‘shimcha qilishicha, AQSH o‘z viza tizimidan terrorchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashi mumkin bo‘lgan shaxslar tomonidan qo‘llanilishining oldini olish uchun choralar ko‘rmoqda.

Yevropa Ittifoqi AQSH rasmiylarini Falastin ma’muriyati a’zolariga viza bermaslik haqidagi qarorini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi . Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi idorasi viza cheklovlari haqida OAV xabarlaridan bilganini va bu masalani o‘rganish niyatida ekanini bildirdi.

“Biz bu yerga kelish huquqiga ega bo‘lgan barcha diplomatlar va delegatlar erkin harakatlanishini istardik”, dedi BMT vakili.

BMTda tashkilotga a’zo 193 davlatdan 147 tasi Falastinni davlat sifatida tan oladi va 2012 yildan beri Bosh Assambleyada a’zo bo‘lmagan kuzatuvchi davlat maqomiga ega.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Falastin xalqi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalari bilan tasdiqlangan huquqqa, ya’ni o‘zining mustaqil davlatini barpo etish huquqiga ega ekanini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

viza BMT N'yu-York Mahmud Abbos

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing