Air India uchuvchisi Pokiston havo hududiga kirib qolgani uchun ishdan bo‘shatildi

Olam

image

Air India aviakompaniyasi uchuvchisi samolyoti qisqa muddatga Pokiston havo hududiga kirib qolganidan so‘ng parvozlardan chetlatildi. Bu haqda “The Independent” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 22 iyun kuni Dehlidan Amritsarga yo‘l olgan Airbus A321 samolyoti Amritsar aeroportiga qo‘nish arafasida bo‘lgan. Biroq uchish-qo‘nish yo‘lagida qushlar bilan to‘qnashuv haqida xabar kelib tushgani sababli uchuvchiga qo‘nishni kechiktirish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
Kechikish vaqtida samolyot pastlay boshlagan va soat 22:08 da qisqa vaqtga Pokiston havo hududiga kirib qolgan.

Hindiston Fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasining ma’lum qilishicha, bu holat Pokiston aviadispetcherlik xizmati bilan kelishilgan holda amalga oshirilgan. Keyin samolyot Dehliga qaytib, xavfsiz qo‘ngan.

Shuningdek, boshqarma hodisa haqida o‘z vaqtida xabar berilmagani uchun samolyot ekipaji hamda Amritsar aeroporti aviadispetcheriga nisbatan intizomiy choralar ko‘rilganini ma’lum qildi.
Air India ham havo hududi buzilganini tasdiqlagan. Kompaniya bayonotiga ko‘ra, Amritsar aeroportida ikkinchi marta qo‘nishga urinish vaqtida samolyot qisqa muddatga Pokiston havo hududiga kirib qolgan. Hodisa haqida tegishli idoralarga xabar berilgan va hozirda ichki tekshiruv o‘tkazilmoqda.

“Hindustan Times” nashrining yozishicha, samolyot Pokiston havo hududiga taxminan uch mil chuqurlikka kirgan.

Rasmiylarning aytishicha, bundan avval Amritsarga qo‘ngan boshqa samolyot qush bilan to‘qnashgani haqida xabar bergani uchun keyingi beshta reysga qo‘nishni kechiktirish so‘ralgan. Dehlidan kelgan Air India reysi qo‘nish navbatida to‘rtinchi bo‘lgan.

Hodisa Amritsar aeroportida qo‘nishni kuzatish xizmatlari ishlamaydigan vaqtda sodir bo‘lgan.
Keyinroq samolyot yana bir bor qo‘nishga uringan, ammo yoqilg‘i miqdori kamaygani sababli Dehliga yo‘naltirilgan. Samolyot soat 23:27 da xavfsiz qo‘ngan. Oradan bir oz vaqt o‘tib, u yana parvoz qilib, Amritsarga yetib borgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing