Afg‘onistondagi avvalgi tuzum hokimiyatni saqlab qololmasligiga amin edik – Mirziyoyev
Jamiyat
−
01 aprel
14252O‘zbekistonning Afg‘onistonga nisbatan yondashuvi har doim pragmatik va uzoq muddatli strategik tamoyillarga asoslanib kelgan. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Euronews”ga bergan intervyusida ko‘plab davlatlar Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati bilan hamkorlik qilish hamda bu mamlakatni mintaqaviy va xalqaro hamkorlik jarayonlariga jalb etishdan o‘zini tiyib turgan bir paytda O‘zbekiston janubiy qo‘shnisi bilan faol aloqalarni davom ettirayotganining sababi haqidagi savolga javoban ma’lum qildi.
“Biz hech qachon qo‘shnimizdan yuz o‘girmaganmiz, u bilan aloqalarni uzmaganmiz. Biz qo‘shni davlatlar, jumladan, uning yaqin va eng muhim hamkori sifatida O‘zbekiston bilan konstruktiv hamkorlik qilmasdan Afg‘onistonni rivojlantirish imkonsiz, degan fikrga doim ishonib kelganmiz”, dedi Prezident.
Mirziyoyev Afg‘onistonga nisbatan olib borayotgan siyosatini qo‘llab-quvvatlamaganlarning ko‘pchiligi bugun uning to‘g‘riligi, muqobili yo‘qligiga tan olishga majbur bo‘layotganini ta’kidladi.
“Afg‘onistondagi avvalgi tuzum bir qator sabablarga ko‘ra hokimiyatni saqlab qololmasligiga amin edik. Bu sabablar qatorida avvalgi hokimiyatning mamlakat hududini to‘liq nazorat qilishga qobilsizligi, muxolifat bilan muloqotga tayyor bo‘lmagani, inklyuziv hukumatni shakllantirishga intilmagani va davlat boshqaruvining barcha darajalarida korrupsiya avj olganini keltirish mumkin.
Hozirgi rahbariyat Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga, o‘z resurslarini aeroportlar, ichki temir yo‘l tarmoqlari, suv-energetika infratuzilmasini rivojlantirishga va ko‘knor maydonlarini qisqartirishga yo‘naltirishga muvaffaq bo‘ldi”, deydi O‘zbekiston yetakchisi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, “Tolibon” 2023 yilda giyohvand moddalar savdosini taqiqlaganidan so‘ng, Afg‘onistonda ko‘knor yetishtiriladigan yerlar 95 foizga kamaygan. Prezident Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonda ko‘knordan xoli kelajak barpo etish maqsadida qishloq aholisiga yordam ko‘rsatilmoqda, qishloq xo‘jaligining muqobil yo‘nalishlari rivojlantirilyapti.
“Bugungi sharoitda biz Afg‘onistonga strategik imkoniyatlar nuqtai nazaridan qarash zarur deb bilamiz. Ushbu mamlakatni xalqaro iqtisodiy jarayonlarga jalb etish, xususan, uning hududida infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish juda muhim”, dedi Mirziyoyev.
Shuningdek, u O‘zbekiston Afg‘onistonga nafaqat mavjud inqirozdan chiqish, balki uzoq muddatli rivojlanish imkonini beradigan ijobiy kun tartibi va tashabbuslarni ilgari surish uchun Yevropa Ittifoqi va boshqa xalqaro hamkorlar bilan birgalikda ishlashga tayyor ekanini bildirdi. Hozirda birinchi galdagi vazifa – Afg‘onistonga ta’lim sohasida yordam berishni davom ettirish, deb hisoblashini qo‘shimcha qildi.
“Ishonchim komil, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish va mamlakatni tiklash Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi davlatlarining umumiy manfaatlariga javob beradi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Ma’lumot uchun, 2021 yilning avgust oyida Afg‘onistonning sobiq prezidenti Ashraf G‘ani mamlakatni tark etdi va “Tolibon” jangsiz Qobulga kirdi. Bir oy o‘tgach, Amerika qo‘shinlari mamlakatni butunlay tark etdi. 2021 yilning sentyabr oyida “Tolibon” Afg‘oniston hukumati tarkibini e’lon qildi.
O‘tgan yili fevral oyida O‘zbekiston Afg‘oniston elchixonasini “Tolibon” diplomatlariga topshirgan edi. O‘shanda “Tolibon” tomonidan Afg‘onistonning Toshkentdagi elchixonasiga elchi etib tayinlangan Mug‘furulloh Shahob oldingi hukumat davrida elchilikka tayinlangan Ahmad Xolid Ilmiyning o‘rnini egallagan. Biroq aprel oyida Mug‘furulloh Shahob o‘rniga Abdul G‘affor Bahr elchi etib tayinlandi. Avgust oyida esa “Tolibon” muvaqqat hukumatidagi tashqi ishlar vazirligining uchinchi siyosiy departamenti direktori Zokir Jaloliy Afg‘onistonning O‘zbekistondagi rasmiy elchisi sifatida Abdulg‘ofar Tiraviy tanishtirilganini aytdi. Oktyabr oyida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov “Tolibon” tomonidan jo‘natilgan elchini qabul qildi.
O‘tgan yil avgustda O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Afg‘onistonning Qobul shahriga bordi. Tashrif doirasida O‘zbekiston hamda “Tolibon” muvaqqat hukumati rahbariyati o‘rtasida 5 ta shartnoma imzolandi.
Joriy yil 22 fevral kuni esa Toshkent shahrida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov “Tolibon” muvaqqat hukumatining bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdulg‘ani Barodar bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi.
LiveBarchasi
Trenddagilar



