Mirziyoyev Afg‘onistondagi muvaqqat hukumat bilan muloqot o‘rnatishga chaqirdi

Olam

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalqaro hamjamiyatni Afg‘onistondagi “Tolibon” hukumati bilan muloqot o‘rnatishga chaqirdi. Bu haqda u bugun, 24 noyabr kuni Ozarbayjon poytaxti Baku shahrida o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun maxsus dasturi — SPEKA sammitidagi nutqida so‘z ochdi. 

SPEKA dasturida Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston ishtirokchi hisoblanadi. 

Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan sammitda Afg‘onistondan vakil ishtirok etmadi. Shavkat Mirziyoyev aynan ushbu masalaga e’tibor qaratib, shunday degan:

“Ma’lum sabablarga ko‘ra, bugungi uchrashuvimiz Markaziy Osiyoning ajralmas qismi bo‘lgan va mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashda muhim omil hisoblangan Afg‘oniston davlati vakillari ishtirokisiz o‘tmoqda.

Barcha hamkasblarimga, Yevropa iqtisodiy komissiyasi va ESKATO rahbariyatiga murojaat etib, ularni SPEKA dasturi doirasida afg‘on tomoni bilan ishchi aloqalarni o‘rnatish va hamkorlikni qayta tiklashga chaqiraman”, degan Mirziyoyev.

Uning qayd etishicha, amaldagi hukumat bilan aloqalarni o‘rnatish muhim.

“Ushbu mamlakatni o‘z muammolari bilan yakka qoldirish mumkin emas. Amaldagi hukumat bilan xalqaro muloqot o‘rnatilmasa, hech qanday ijobiy natijaga erishib bo‘lmaydi”, deydi Prezident. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev noyabr oyida bo‘lib o‘tgan ikki yirik tadbir – Turkiy Davlatlar Tashkiloti sammiti va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida ham Afg‘oniston masalasida so‘z ochib, afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishni susaytirmaslikka, bu yurtdagi o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan aniq mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev SPEKA

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing