Afg‘onistonda ishlab chiqarilgan anor ta’mli ichimlik Qozog‘istonda taqiqlanishi mumkin
Olam
−
16 avgust
3204Qozog‘istonda Afg‘onistonda ishlab chiqarilgan ba’zi anor ta’mli gazlangan ichimliklar taqiqlanishi mumkin. Bu haqda “Tengrinews” nashri xabar berdi.
Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitariya-epidemiologiya nazorati qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, anorli gazlangan ichimliklarning muvofiqligi laboratoriyada tekshiriladi.
“Hozirda qo‘mita hududiy bo‘linmalari chakana savdo shoxobchalarida anor qo‘shilgan (Afg‘onistonda ishlab chiqarilgan) gazlangan ichimliklarning har xil turlarini laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazgan holda sinov xaridlarini o‘tkazmoqda”, deyiladi qo‘mitaning nashrga javobida.
Sinov xaridi natijalariga ko‘ra, agar ichimlikda bo‘yoqlarning ruxsat etilgan me’yorlaridan oshsa, mahsulotni qaytarib olish va sotishdan olib tashlash shaklida tezkor javob choralari ko‘riladi.
Shuningdek, joriy yilda mahsulotlarning sanitariya-epidemiologiya monitoringi doirasida 100 dan ortiq kam alkogolli, tonik va alkogolsiz energetik ichimliklar namunalari sinovdan o‘tkazilgan. Ular Bojxona ittifoqining texnik reglamentlarida belgilangan xavfsizlik ko‘rsatkichlariga muvofiqligi uchun sinovdan o‘tkazildi. Laboratoriya tekshiruvlari natijalariga ko‘ra qonunbuzarliklar aniqlanmagan.
Umuman olganda, 2023 yil va 2024 yilning birinchi yarmida Qozog‘istonda alkogolsiz energetik ichimliklarni sotishga taqiq joriy etilmagan.
Ma’lumot uchun, “Royal”, “Paradise”, “Mani”, “Pure”, “Golden Life” anor ta’miga ega alkogolsiz gazlangan ichimliklar Qozog‘istonda sinovdan o‘tkazilgani haqida o‘tgan oyda xabar berilgandi. Qozog‘istonlik ekspertlar ichimlik qutilarida “bo‘yoq (azorubin E122) bor” degan ogohlantirish belgisi yo‘qligini aniqlashdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu modda bolalarning faolligi va e’tiboriga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Bundan tashqari, qadoqlashda ichimliklarning tarkibi va ozuqaviy qiymati, shuningdek, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan. Chakana sotuvchilarga ushbu ichimliklarning markalanishi texnik reglament talablariga javob bermasligi sababli kelgusida xarid qilmaslik tavsiya qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda Afg‘onistonning anorli gazli ichimligini sotish taqiqlangandi. O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi esa O‘zbekistondagi bozor va do‘konlarda sotilayotgan anor ta’mli “Royal” ichimligi sifat talablariga javob bermasligi aniqlangandi.
Zebo Turobjonova