60 ming o‘qituvchi 8-12 mln so‘m maosh olyapti – Shavkat Mirziyoyev

Jamiyat

image

O‘zbekistondagi maktablarda 60 ming o‘qituvchi hozirda 8-12 million so‘m maosh olyapti. Bu haqda bugun, 15 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

“Dunyoda isbot talab qilmaydigan bir haqiqat bor: har qanday mamlakat taraqqiyoti sog‘lom va bilimli avlodga bog‘liq.

Shu bois, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida sog‘lom, bilimli, teran fikrli, vatanparvar yoshlarni tarbiyalash uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz shart va zarur”, dedi davlat rahbari.

Yig‘ilishda oxirgi 7 yilda maktabgacha va maktab ta’limi uchun mablag‘ 7 karra oshirilgani, joriy yilda bunga 60 trillion so‘m yo‘naltirilayotgani ta’kidlandi. Maktablarda 1 millionga yaqin, bog‘chalarda 1,5 million yangi o‘rinlar yaratildi. Bog‘cha bilan qamrov 3 karra oshib, 78 foizga yetdi.

Malaka, til bilish, yangi baholash tizimi, fan olimpiadalari kabi mezonlar asosida o‘qituvchilarga 10 dan ortiq ustama joriy qilindi. Bundan samarali foydalangan 60 ming o‘qituvchi hozirda 8-12 million so‘m maosh olyapti.

Shuningdek, bog‘cha tarbiyachilari oyligi 65 foizga oshib, maktab o‘qituvchilari maoshiga tenglashdi. Yangi o‘quv yilidan maktab direktorlari, o‘rinbosarlari va bog‘cha mudiralarining ish haqi 7-10 million so‘mdan oshadi.


Maqola muallifi

Teglar

maktab maosh o'qituvchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing