16 yashar qizni o‘ldirgan o‘smir ruhiy nosog‘lom deb topilib, oqlandi
Olam
−
13:49 872 2 daqiqa
Malayziyada maktab hojatxonasida 16 yashar sinfdoshini pichoqlab o‘ldirgan o‘smir sud tomonidan ruhiy nosog‘lom deb topilib, qotillik ayblovi bo‘yicha oqlandi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea Kuala-Lumpur chekkasidagi o‘rta maktabda sodir bo‘lgan. O‘sha vaqtda 14 yoshda bo‘lgan o‘smir maktab hojatxonasida Yap Shing Syuanga bir necha marta pichoq urib, uning o‘limiga sabab bo‘lgan.
Sud jarayonida himoya tomoni o‘smir qiz o‘ldirganini inkor etmagan. Biroq uning yillar davomida ruhiy salomatligi bilan bog‘liq muammolardan aziyat chekkanini ta’kidlab, aqldan ozganlik holati sababli oqlashni so‘ragan.
Ekspert-psixiatrning suddagi ma’lumotiga ko‘ra, o‘smirda shizofreniya bo‘lgan. U 9 yoshidan boshlab ruhiy xastalik va gallyutsinatsiyalarga o‘xshash alomatlarni boshdan kechirgan. Uning ruhiy holati pandemiya davrida va keyinchalik maktabga qaytganidan so‘ng yanada og‘irlashgan.
Advokatlarning bildirishicha, o‘smir kasallik alomatlarini nazorat qilish uchun umrining oxirigacha dori-darmon qabul qilishi kerak.
Sud kecha, 14 sentyabr kuni o‘smirni qotillik ayblovi bo‘yicha oqlagan. Biroq uni jamiyatga qaytishga yaroqli deb topilguniga qadar psixiatriya shifoxonasida saqlash va davolash haqida qaror chiqargan. Uning holati muntazam, ehtimol har yili baholab boriladi.
O‘smirning shaxsi voyaga yetmagani sababli Malayziya qonunchiligiga ko‘ra, oshkor etilmagan. Sud jarayoni va hukm o‘qilgan majlis yopiq tarzda o‘tkazilgan. Mazkur qotillik Malayziyada katta rezonansga sabab bo‘lgan. Politsiya avvalroq ijtimoiy tarmoqlar o‘smirga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Ish bo‘yicha muhokamalar ayniqsa politsiya o‘smir hibsga olingan paytda undan topgan va keyinchalik internetga sizdirilgan yozuv ortidan kuchaygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Malayziyada 14 yoshli o‘smir 16 yoshli maktabdosh qizni o‘ldirishda ayblanib, agar u aybdor deb topilsa, 40 yilgacha qamalishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi