Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri hibsga olingani rad etildi
Olam
−
04 Sentabr 4035 1 daqiqa
Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu hibsga olingani haqidagi mish-mishlardan so‘ng mamlakat Madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva bayonot bilan chiqdi. U ushbu ma’lumotlarni rad etdi.
Vazir Aida Balayeva jurnalistlarni ma’lumotlarni e’lon qilishdan avval tekshirishga chaqirgan va yolg‘on xabar tarqatganlik uchun javobgarlik borligini eslatgan.
“Ba’zi rasmiy OAV va anonim Telegram-kanallarda davlat xizmatchilarining hibsga olingani haqida tasdiqlanmagan ma’lumot tarqatilmoqda. Tarqatilayotgan ma’lumotning ishonchliligini tekshirish majburiyati, aybsizlik prezumpsiyasi tamoyili hamda jurnalistik etika mavjudligini esdan chiqarmaslik kerak”, deydi Balayeva.
Shuningdek, u jurnalistlar bunday ma’lumotlar fuqarolarga va ularning yaqinlariga zarar yetkazishi, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitishi, aslida esa tuhmat bo‘lishi mumkinligini yodda tutish zarurligini qayd etgan.
“Jurnalistlar rioya etishi lozim bo‘lgan majburiyatlarga hamkasblarimni amal qilishga chaqiraman, shuningdek, yolg‘on ma’lumot tarqatish uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanganini eslatib o‘taman”, deydi Balayeva.
Qayd etish joiz, Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleuning hibsga olingani haqidagi xabarni dastlab mahalliy “Orda.kz” nashri tarqatgan edi. Nashr ushbu ma’lumotni huquqni muhofaza qiluvchi organlaridagi manbalari tasdiqlaganini, vazir o‘z uyida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitidan qaytganidan so‘ng hibsga olinganini yozgandi.