Husiylar BMTning 11 xodimini hibsga oldi
Olam
−
01 Sentabr 4868 2 daqiqa
Yamandagi husiylar mamlkat poytaxti Sana va Xudayda shahrida BMTning idoralariga bostirib kirib, kamida 11 nafar xodimni qo‘lga oldi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
BMTning Yaman bo‘yicha maxsus elchisi Hans Grundbergga ko‘ra, husiylar tashkilot idoralariga bostirib kirib, mulklarini egallab olgan. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bu harakatlarni qattiq qoralab, hibsga olinganlarni darhol ozod qilishni talab qilgan.
“Men husiylarning nazorati ostidagi hududlarda amalga oshirilgan noqonuniy hibslarni keskin qoralayman”, degan Guterrish.
Qayd etish joiz, hibsga olishlar Isroilning Sana shahriga qilgan aviatsiya zarbasidan so‘ng boshlangan. Hujum oqibatida husiylar hukumatining bosh vaziri va bir nechta amaldorlari halok bo‘lgan edi. Mahalliy manbalarning ta’kidlashicha, qo‘lga olinganlar orasida Jahon oziq-ovqat dasturining (WFP) yetti xodimi hamda UNICEF’ning uch vakili ham bor.
Bu guruhning xalqaro tashkilot xodimlariga ilk bor tajovuz qilishi emas. Masalan, avvalroq ham WFP’ning Sana shahridagi ofisi hujumga uchrab, 1 xodim hibsga olingan edi. Qolaversa, husiylar 2024 yilning iyun oyidan beri xalqaro va mahalliy gumanitar tashkilotlarning o‘nlab xodimlarini ushlab kelmoqda. Shu sababli BMT ayrim hududlarda xodimlar sonini qisqartirish va faoliyatini cheklashga majbur bo‘lgan. Yaman esa hozirda dunyodagi eng og‘ir gumanitar inqirozlardan birini boshdan kechirmoqda.
28 avgust kuni Isroil husiylar rahbariyatini ilk bor nishonga olgandi. Bungacha Isroil asosan Yamandagi harbiy ob’ektlar va husiylar foydalanayotgan fuqarolik infratuzilmalariga zarba berardi. Ammo Isroil havo kuchlari o‘sha kuni prezident saroyi joylashgan harbiy bazani nishonga oldi. Shuningdek, ikki elektr stansiyasi va yoqilg‘i omboriga ham zarba berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq husiylar o‘z bosh vaziri va boshqa siyosiy yetakchilarning Isroil aviahujumlari oqibatida halok bo‘lgani uchun qasos olishga va’da bergandi.
Live
Barchasi