Husiylar AQSH avianosetsiga zarba berdi

Olam

image

Yamandagi husiylar harakati AQSHning zarbalariga javoban Qizil dengizda joylashgan USS Harry Truman avianosetsiga 48 soat ichida uchinchi marta zarba berganini ma’lum qildi. Bu haqda husiylar tomonidan shakllantirilgan qurolli kuchlar vakili Yahyo Sariya xabar berdi.

Qayd etilishicha, hujum ikki qanotli raketa va ikkita dron yordamida amalga oshirilgan. Bundan tashqari, husiylar AQSHning esminetsiga ham zarba berib, unga bitta qanotli raketa va to‘rtta dron yuborgan.

16 mart kuni Yahyo Sariya USS Harry Truman va unga hamrohlik qilayotgan kemalar husiylar tomonidan 18 ta ballistik va qanotli raketa hamda dron bilan nishonga olinganini ma’lum qilgan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, husiylar Qizil dengiz va Aden ko‘rfazida AQSH harbiy kemalariga hujum qilishda davom etadi hamda Isroil G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazishni qayta boshlamagunicha Babul Mandeb bo‘g‘ozidan Isroil savdo kemalarining o‘tishiga to‘siq qo‘yadi.

15 mart kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Yamandagi husiylar pozitsiyalariga “yammaviy zarba” berish haqida buyruq berganini ma’lum qildi.

Bunga javoban husiylar yetakchisi Abdulmalik al-Husiy AQSHning yangi hujumi ularning harbiy salohiyatini kuchaytirishi bilan javob berishi haqida ogohlantirdi.

“Amerika harbiy kemalari va samolyotlari endi bizning qonuniy nishonlarimizdir”, dedi u.

Husiylarga ko‘ra, AQSH va Buyuk Britaniya havo hujumlari oqibatida Yamanning bir qancha shaharlari, jumladan Sanada ham 53 kishi halok bo‘lgan, 98 kishi yaralangan.

16 mart oqshomida husiylar harakati Qizil dengizda Amerikaning Harry Truman aviatashuvchi kemasiga javob hujumi uyushtirganini e’lon qildi. Kecha, 17 mart kuni husiylar ikkinchi hujumni boshladi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 17 mart kuni AQSH Yamanning Hudeyda va Jauf viloyatlariga 6 marta havo hujumi uyushtirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Husiylar AQSh avianosetsi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing