Hegset bilan ziddiyat ortidan AQSH armiyasi mulozimi ishdan ketdi

Olam

image

AQSH Quruqlik qo‘shinlari kotibi Dan Driskoll Mudofaa vaziri Pit Hegset bilan bir necha oy davom etgan kelishmovchiliklardan so‘ng Prezident Donald Trampga iste’fosini taqdim etdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Driskollning iste’fosi hozircha Oq uy tomonidan qabul qilingan-qilinmagani ma’lum emas. U AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vensga yaqin shaxs sifatida tanilgan va Hegset rahbarligida Pentagonda lavozimini tark etayotgan navbatdagi yuqori martabali amaldor bo‘lgan.

Manbalarga ko‘ra, Driskoll va Hegset o‘rtasidagi ziddiyatlar asosan AQSH armiyasini modernizatsiya qilish, uning jangovar tayyorgarligi va qo‘shinlar tuzilmasidagi o‘zgarishlar masalalarida yuzaga kelgan.

Driskoll armiyani modernizatsiya qilish bo‘yicha bir qator tashabbuslarni ilgari surgan. U mudofaa sanoatidagi yirik kompaniyalarni tanqid qilib, armiya uchun qurol-yarog‘ va texnologiyalarni xarid qilish tizimini tezroq va arzonroq qilish zarurligini ta’kidlagan.

Ayrim amerikalik amaldorlar Hegset Driskollni anchadan beri lavozimidan chetlatishni istaganini bildirgan. Driskoll esa armiyani isloh qilish jarayoniga Hegsetning aralashuvidan norozi bo‘lgani aytilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, ularning kelishmovchiligi yuqori lavozimdagi harbiy rahbarlarning ishdan ketishi bilan yanada kuchaygan. Jumladan, AQSH armiyasi shtabi boshlig‘i general Rendi Jorj joriy yilning aprel oyida lavozimidan chetlatilgan. Yevropa va Afrikadagi AQSH quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni ham o‘zgargan.

Ma’lumot uchun, Driskoll 2025 yil fevral oyida Senat tomonidan tasdiqlanganidan so‘ng Quruqlik qo‘shinlari kotibi lavozimiga kirishgan. U shuningdek, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarda AQSH tomonidan diplomatik vazifani bajargan.

Uning iste’fosi AQSH armiyasi rahbariyatidagi navbatdagi katta o‘zgarish bo‘lmoqda. Manbaga ko‘ra, Driskollning o‘rinbosari Deyv Fitsjerald ham yaqin orada lavozimini tark etishi kutilmoqda.

Driskoll iste’foga chiqqan paytda AQSH Eron bilan urushda ishtirok etmoqda va minglab amerikalik harbiylar Yaqin Sharqda joylashtirilgan. Shu sababli uning ketishi Pentagondagi rahbariyat barqarorligi va armiyaning boshqaruvi yuzasidan savollarni yanada kuchaytirishi mumkin.

Oq uy Driskollning armiya jangovar tayyorgarligi va strategik diplomatiyaga qo‘shgan hissasini yuqori baholagan, biroq uning iste’fosi sabablariga rasmiy baho bermagan.

Eslatib o‘tamiz, avvaloq Eslatib o‘tamiz, Fedorov shu oyda mudofaa vaziri lavozimidan ozod etilgandi va bu qaror Ukrainada urush davridagi kamsonli norozilik namoyishlariga sabab bo‘lgandi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing